13:29 / 05.05.2021
632
AQShdan Orolbo‘yi aholisi uchun 3 mln dollarlik gumanitar yordam yuborildi

AQShning «Project C.U.R.E.» tashkiloti va «Boeing» kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog‘istoning Orolbo‘yi hududi aholisi uchun gumanitar yordam yuborildi. Xayriya yukida 3 mln dollarlik tibbiyot buyumlari va jihozlari, sun'iy shamollatish moslamalari bor. Bundan tashqari, keyingi gumanitar yordamni yetkazish uchun 100 ming dollar miqdoridagi chek topshirildi.

Vashington shtatining Sietl shahrida gumanitar yordamni yuborish marosimida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov va «Boeing» kompaniyasi vitse-prezidenti Monta Freyzer, «Project C.U.R.E.» nodavlat tashkiloti prezidenti Duglas Jyekson hamda ushbu NNTning xorijiy hukumatlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Melisa Esposti ishtirok etdi.

Gumanitar yuk bo‘yicha kelishuvlar 2019 yilda elchixona rahbari va «Project C.U.R.E.» prezidenti Duglas Jyekson bilan tashkilotning Vest-Gruve (Pensilvaniya) va Xyuston (Texas) shaharlaridagi omborlariga tashrif chog‘ida erishilgan.

Xabarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi so‘roviga binoan «Project C.U.R.E.» tomonidan Sietlda shakllantirilgan gumanitar yukning birinchi jo‘natmasi qariyb 6 tonnaga teng. Ushbu yukni Kanzas-sitidan Sietlga (3 ming km) Pensilvaniya shtatidagi o‘zbeklar diasporasi faollaridan biri, logistika kompaniyasi asoschisi Ahmadjon Odilov amalga oshirdi.

Shuningdek, AQShdagi o‘zbekistonliklar tomonidan asos solingan «Give to Get International» xayriya tashkiloti ko‘magida mustaqil ekspertlarning Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlarini baholash bo‘yicha xarajatlari to‘landi.

«Biz Qoraqalpog‘istonga gumanitar yukning birinchi partiyasini «Dreamliner» samolyotida yuborish tadbirida ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bugungi sinovli vaqtda ushbu xayriya tadbiriga ulush qo‘shayotganimizdan mamnunmiz», — dedi Monta Freyzer.

«Gumanitar yordam, beg‘araz ko‘mak 5 may kuni Toshkentdan Nukus shahriga yetkaziladi. Tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan navbatdagi 4 ta konteynerdagi insonparvarlik yuki yoz fasli oxiriga qadar Orolbo‘yi mintaqasiga yuboriladi», deyiladi xabarda.

Top