16:49 / 05.05.2021
4905
Bir iste'molchidan noto‘g‘ri undirilgan 1 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov qayta hisob-kitob qilindi

Iste'mol qilinmagan jami 2 228 932 kVt*soat energiya ortiqcha hisoblangan va to‘lovlar undirilganligi aniqlandi. Qayta hisob-kitob qilinishi lozim bo‘lgan elektr energiyasining hozirgi kundagi narxi 1 003 019 400 so‘mni tashkil etadi.

“AGRO BRAVO” MChJning Samarqand shahar elektr ta'minoti korxonasi bilan iste'mol qilingan elektr energiyasi hisob-kitoblarida yuzaga kelgan noaniqliklarni bartaraf etish yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

“O‘zenergoinspeksiya” Matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rganish natijalari bo‘yicha “Samarqand HETK” AJ tasarrufida bo‘lgan 110/10 kV kuchlanishli “Mikrorayon” podstansiyasidan chiquvchi va “AGRO BRAVO” MChJga tegishli bo‘lgan Samarqand shahri Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi 102-manzilda joylashgan ishlab chiqarish sexi hamda savdo do‘konini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi 118-sonli fiderda 100/5 koeffitsiyentli tok transformatorlari o‘rnatilganligi, lekin Samarqand shahar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 150/5 tok transformatori koeffitsiyenti bilan hisob-kitob qilinayotgani aniqlandi.

Buning oqibatida ta'minot korxonasi tomonidan 2018 yil mart oyidan 2021 yil aprel oyigacha iste'molchiga nisbatan iste'mol qilinmagan jami 2 228 932 kVt*soat aktiv energiya ortiqcha hisoblangan va to‘lovlar undirilganligi aniqlandi. Qayta hisob-kitob qilinishi lozim bo‘lgan elektr energiyasining hozirgi kundagi narxi 1 003 019 400 so‘mni tashkil etadi.

“O‘zenergoinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Samarqand HETK” AJga ko‘rsatma berildi. Ushbu ko‘rsatma ijrosini ta'minlash maqsadida “Samarqand HETK” AJ tomonidan iste'molchi foydasiga qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.

Top