13:43 / 05.05.2021
21579
Buxoro shahriga yangi hokim tayinlandi

Madaniyat vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov Buxoro shahrining yangi hokimi sifatida ish boshladi.

Bugun, 5 may kuni Buxoro shahar hokimligida navbatdan tashqari sessiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyat faollari ishtirok etdi.

Kengash yig‘ilishida tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Jamol Shuhratovich Nosirov Buxoro shahar hokimi lavozimiga tayinlandi.

Jamol Nosirov 1985 yil 12 iyunda Buxoro shahrida tavallud topgan. 2005 yili Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, psixolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008 yili esa universitetning magistraturasini tugatgan.

Bir muddat «Kamolot» YoIH Buxoro viloyat Kengashi raisi lavozimida ham mehnat qilgan.

Shundan so‘ng 27-Jilvon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining fraksiyasi a'zosi bo‘lgan.

2017 yildan 2020 yilga qadar Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 

Jamol Nosirov 2020 yil 22 apreldan buyon Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

  • Bundan oldinroq, Kun.uz manbasi Jamol Nosirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan bilan ozod qilingani, uning vazirlikdagi o‘rnini Bahodir Ahmedov egallagani xabar qilgandi.
  • Jamol Nosirov 2020 yil martidan Buxoro shahri hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, uch oy muqaddam lavozimga rasman tasdiqlangan O‘tkir Jumayevning o‘rnini egalladi.
Top