14:29 / 05.05.2021
61036
Kelesdagi 26-maktab direktori lavozimidan chetlatilib, uy qamog‘iga olindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudi tuman prokurori A.Nazarovning iltimosnomasini qanoatlantirib, Saida Hoshimovaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Toshkent viloyati prokuraturasi Toshkent tumanidagi 26-maktab direktori 173 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida 16 aprel kuni xabar tarqatgan edi.

Bu xabardan tushkunlikka tushgan maktab direktori Kun.uz'ga murojaat qilib, jinoyatchi emasligini, 173 million so‘mni talon-toroj qilmaganini, mahalla, hokimlik va prokuratura bosim qilib, unga qarshi birlashib ish ko‘rayotganini aytgandi.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, Saida Hoshimova jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining 21 apreldagi ajrimi bilan lavozimidan chetlatilgan.

Shuningdek, joriy yil 30 aprel kuni shu sud tuman prokurori A.Nazarov kiritgan iltimosnomani qanoatlantirib, Saida Hoshimovaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida ajrim chiqargan.

Bu – prokuratura organlarining ayollarga, xususan, jamiyatda ardoqlanishi va izzat-ikrom ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan kasb egalariga nisbatan keskin choralar ko‘rishiga oid ilk holat emas.

COVID-19 o‘chog‘i ichida ishlagan shifokorlar va og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun sharoit talab qilgan shifokor Guljahon Yo‘ldosheva ham jamoatchilikka murojaat yo‘llaganidan ko‘p o‘tmay qamoqqa olingan edi.

Keyinchalik, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyati prokuraturasidan shifokor Guljahon Yo‘ldoshevaga oid qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragandi. Oliy Majlis Senati va keng jamoatchilikning e'tirozlaridan so‘ng uning ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan edi.

So‘nggi vaqtlarda tendensiya shuni ko‘rsatmoqdaki (jamoatchilikka ma'lum bo‘lgan holatlarga ko‘ra), prokuratura organlari mayda maishiy ishlarda, ayniqsa ojiz jins vakillari bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda ancha «jonbozlik» ko‘rsatmoqda. Ammo jiddiyroq masalalarga ro‘para kelganlarida oldi-qochdi, yolg‘on-yashiq gaplar bilan, ishni yumaloq yostiq qilib yopib yuborayotgani yashirib bo‘lmaydigan ayni haqiqatdir.

Masalan, 6 nafar fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan Yunusobod metrosi qurilishidagi fojia yuzasidan tergov ishini olaylik. «Yetkazilgan zarar to‘liq qoplandi», deya hech bir odamga chora ko‘rilmasdan jinoyat ishi tugatib yuborildi. Vaholanki, bu vaqtda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanmagani Kun.uz surishtiruvidan so‘ng aniqlandi.

Bu orqali Guljahon Yo‘ldosheva yoki Saida Hoshimovalarni oqlash fikridan mutlaqo yiroqmiz. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi shart. Ammo huquq posbonlari barcha ishda birdek adolat va qonuniylikni ta'minlamas ekanlar, xalqning ularga bo‘lgan ishonchi kamaysa kamayadiki, aslo ortmaydi.

Top