09:21 / 05.05.2021
9607
Namanganda 259 mln so‘mlik davlat buyurtmasi bo‘yicha tender bir shaxsga qarashli korxonalar o‘rtasida o‘ynaldi

Uchqo‘rg‘onda nurab borayotgan Norin daryosi dambasini mustahkamlash uchun 259 mln so‘m ajratilmoqda. Tenderda qatnashgan uchala kompaniyaning ham egasi bir.

Uchqo‘rg‘on tumanida 259 mln so‘mlik davlat xaridlariga qo‘yilgan qurilish ishlarini bajarish uchun bir shaxs ta'sischisi bo‘lgan uchta firma tender tanlovida ishtirok etmoqda.

Tuman hokimligi hozirda nurab borayotgan Norin daryosi dambasini tiklash va kelgusida nurashining oldini olish maqsadida daryo chap qirg‘og‘ining 252 metr qismini shag‘al bilan mustahkamlashga qaror qilgan. Bu ishlarni bajarish uchun tanlov e'lon qilinib, davlat xaridlari portaliga e'lon joylashtirilgan. Tanlov narxi – 259 mln so‘m.

Tanlovda qatnashish uchun «Mirzohidmirzo Mirzabahrom Mirzamurod», «Mirzoxidmirzo Urkinmirzo Mirzabaxrom» va «Sherzod Begzod Nilufar» MChJ o‘z takliflarini bildiradi hamda tanlov komissiyasi qarori bilan «Mirzohidmirzo Mirzabahrom Mirzamurod» MChJ g‘olib deb topilgan.

Davletovuz kanalining yozishicha, tanlovda qatnashgan barcha korxonalar o‘zaro affillangan, masalan, Mirzarahim Jo‘ramirzayevich Karimov mazkur MChJlar ulushining to‘liq va kamida yarmiga egalik qiladi.

Avvalroq, Namangan viloyati tender komissiyasi bayonnomasida familiyasi bir xil amaldorlar aniqlangani to‘g‘risida xabar tarqalgandi. Biri Namangan viloyati hokimining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishlab kelgan Bekzod Matmusayev, ikkinchisi esa Namangan viloyati hokimligining Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi direktori Dilshod Matmusayevdir.

Xabarda aytilishicha, o‘rganishlar ular yaqin qarindosh, ya'ni aka-ukaligini ko‘rsatgan.

«Aytishlaricha, ular amaldagi viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga ham qarindosh bo‘lishi mumkin. Bekzod Matmusayev Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmal Ortiqovning 2021 yil 19 yanvardagi buyrug‘i bilan agentlikning viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Aka-ukalarning professional faoliyati, tajribasini savol ostiga olish niyatimiz yo‘q. Ammo viloyatdagi eng muhim ikkita lavozim – biri milliardlab davlat buyurtmalarini beradigan hamda biri milliardlab turadigan davlat aktivlarini xususiylashtirishga mas'ul bo‘lishi har qanday sharoitda ham jamoatchilikni hushyorlikka chorlashi kerak», deb yozilgan Davletovuz kanalida.

Top