16:10 / 05.05.2021
11706

O‘zbekistonda yilning dastlabki uch oyida parrandalar soni 6 million boshga kamaydi

2021 yilning yanvar-mart oylari holatiga ko‘ra, respublikada 84,1 million bosh parranda mavjud. 2021 yilning 1 yanvar holatida esa 90,1 million bosh parranda borligi qayd qilingan. Bunday keskin kamayishning sabablari ochiqlanmagan.

Statqo‘m ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar—mart oylari holati bo‘yicha respublikada 84,1 million bosh parranda mavjud.

Qayd etilishicha, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 0,4 foizga ko‘proq.

2021 yilning yanvar—mart holatiga jami parrandalarning 15,3 foizi fermer xo‘jaliklari, 60,1 foizi dehqon xo‘jaliklari va 24,6 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Parrandalar soni eng ko‘p bo‘lgan hududlar sifatida Toshkent (15,2 mln) va Samarqand (11,5 mln) viloyatlari qayd qilingan.

Joriy yilning birinchi choragida parrandalar soni 0,4 foizga oshgani ma'lum qilingan bo‘lsa-da, 2021 yilning 1 yanvar holatiga nisbatan o‘tgan 3 oy davomida bu ko‘rsatkich 6 million boshga kamaygan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada 90,1 million bosh parranda mavjud bo‘lgan.

Parrandalar sonining bunday keskin kamayib ketish sabablari ochiqlanmagan.

Top