16:54 / 05.05.2021
888
Qo‘qonda bir guruh saxovatpesha homiylar 90 yoshli otaxonning uyini ta'mirlab berdi

Qo‘qon shahrining Muqimiy shaharchasida istiqomat qiluvchi 90 yoshli Tursunboy ota va Sanobarxon ayaning xonadonini bir guruh saxovatpesha homiylar ta'mirlab berdi. Ular o‘tgan yili bu ishni niyat qilgan edi. 

Tursunboy ota va Sanobarxon aya Qo‘qon shahar Muqimiy shaharchasi 15 uyning 41-xonadonida istiqomat qiladi. Ularning turar joyi anchagina achinarli holatga kelib qolgan edi. Qo‘qondagi bir qancha xayrli tashabbuslarga hissa qo‘shayotgan saxovatpesha homiylar Saxovat va ko‘mak xayriya aksiyasi doirasida, shuningdek, Ramazon oyi munosabati bilan ushbu tashabbusga qo‘l urdi. 

«O‘tgan yilgi pandemiya davrida Tursunboy otaning holidan xabar olish uchun xonadoniga ilk marotaba tashrif buyurib, oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelgan edik. O‘shanda ularning yashash sharoitini ko‘rib, juda achingan edik. Karantin tugab, ishlarimiz yurishib ketsa, ushbu keksalarning yashash sharoitini to‘g‘rilab berishni maqsad qilgan edik. Shukur, mana, bugun maqsadimizga erishdik. Otaxon bilan onaxonning yuzidagi quvonchni ko‘rib, xursand bo‘ldik», — deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda OAVga ko‘rinish berishni xohlamagan homiylardan biri. 

Tursunboy ota bilan Sanobarxon aya yangi ta'mirdan chiqqan uylariga karnay-surnay sadolari bilan taklif etildi. Ularning quvonchiga sherik bo‘lish maqsadida tashrif buyurgan Qo‘qon shahar hokimi Ma'rufjon Usmonov homiylarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Top