07:05 / 05.05.2021
1278

Tibbiy  dori vositalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi 

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod va Sayxunobod tumanlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda viloyat hududidan olib o‘tilayotgan noqonuniy dori vositalari aniqlandi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan Kun.uz’ga ma'lum qilindi.

2021 yil 23 aprel kuni Mirzaobod tumani hududida tibbiy dori vositalarining noqonuniy aylanuviga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi. Tezkor tadbirda, Qarshi-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan fuqaro A.F. boshqaruvidagi «Kobalt» mashinasi Mirzaobod tumani hududida to‘xtatib tekshirilganda, xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona hujjatlarisiz va sifati kafolatlanmagan, jami 5 800 dona  (har bir donasi 15 000 so‘mdan) umumiy qiymati 87 million so‘mlik «Vital Vit K1» (0,5 ml) nomli tibbiy dori vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

2021 yil 24 aprel kuni Sayxunobod tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, oldindan tezkor kuzatuvga olingan, Namangan-Qarshi yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan T.O. boshqaruvidagi «ISUZU» yuk mashinasi «Sayxun» IIB YPX maskanida to‘xtatilib, mashina yukxonasi ko‘zdan kechirilganda, xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona hujjatlarisiz va sifati kafolatlanmagan 83 turdagi, taxminiy qiymati 341 million 750 ming so‘mlik tibbiy dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Avvalroq, qiymati 731 million so‘mdan ortiq bo‘lgan noqonuniy dori vositalari hamda noqonuniy ravishda olib kirilgan «Faberlic» mahsulotlari ushlangani haqida xabar berilgan edi.

Top