20:35 / 05.05.2021
13128
Toshkent shahar IIBB tarixiy yodgorlik yonida beruxsat qurilish qilmoqchimi?

«E'tirozimizga qaramay, Mingo‘rik yodgorligi yonida qurilish boshlab yuborishdi», – deya Kun.uz'ga shikoyat qildi Madaniy meros departamenti rasmiysi. IIBB esa qurilish hali boshlanmaganini iddao qildi.

Toshkent shahar Mirobod tumani Moshtabib ko‘chasi 31-uy manzilida VIII-IX asrlarga taalluqli Mingo‘rik shahristoni yodgorligi joylashgan.

Hozirda yodgorlik yonida Toshkent shahar IIBBning Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosi qurilishi boshlangan.

Madaniy meros departamentining ma'lum qilishicha, Toshkent shahar IIBB qonunchilik talabini bajarmay, komissiyaning tegishli xulosasini olmasdan qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

«Tarixiy obekt yaqinida qurilish ishlarini olib borishning o‘ziga xos tartib-tamoyillari bor. Belgilangan qoidalari bor. Mingo‘rik shahristoni – tarixiy shahar qoldiqlari joylashgan hudud. Obektdan eng kamida 50 metr masofada qurilish ishlari olib borilmasligi kerak.

Hozirda Toshkent shahar IIBB tarixiy yodgorlik yonida qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Biz bir emas, ikki marta ogohlantirish xatlari berdik. Bu yerda qurilish ishlarini boshlash uchun Ilmiy-ekspert kengashi xulosasi olingan bo‘lishi kerak. Shundan so‘nggina qurilish ishlari boshlanadi yoki rad etiladi. Uning xulosasi olinmagan.

Murojaatlarimizga Toshkent shahar IIBBdan javob bo‘lmayapti. Lekin qurilish ishlari davom etmoqda. Vaqtincha to‘xtatib ham turilgani yo‘q.

Bu yodgorlik YuNeSKOning tarixiy obidalar ro‘yxatiga kiritilishi uchun nomzod qilib ro‘yxatga olingan. Agar tegishli tartib-qoidalar asosida qurilish ishlari olib borilmasa, bu ro‘yxatdan tushirib qoldirilishi mumkin. Toshkent shahar IIBBdan qurilishni to‘xtatib turishni, Ilmiy-ekspert kengashining xulosasini olishni so‘rab qolardik», – deydi Madaniy meros departamenti bo‘lim boshlig‘i Alisher Yorqulov.

Madaniy meros departamenti bo‘lim boshlig‘i Alisher Yorqulov

«Qurilish emas, tozalash ishlari boshlangan» — Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati vakili Nilufar Isaxonovaning aytishicha, qurilishni boshlash uchun Arxitektura va qurilish boshqarmasining Mirobod tuman filialidan ruxsat olingan.

«Tarixiy yodgorlik yonidagi qurilish bo‘yicha Madaniyat vazirligidan murojaat kelib tushgan. Shuningdek, fuqarolar ham murojaat qilishgan.

Bu hududda oldin avtoturargoh bo‘lgan. Ayni vaqtda qurilish ishlari boshlangani yo‘q. Faqat avtoturargohni tozalash ishlari olib borilmoqda.

Qurilishga ruxsat olish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlab, Madaniyat vazirligiga yuborganmiz. Vazirlik xulosasi olinganidan so‘ng qurilish ishlari boshlanadi», – dedi Isaxonova.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati vakili Nilufar Isaxonova

Tomonlarning gaplari bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti

Tomonlarni eshitib, ularning gaplari bir-biriga to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rish mumkin. Madaniyat vazirligi Toshkent shahar IIBBni qonun talabini bajarmasdan, Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid ravishda qurilish ishlarini olib borayotganligini aytmoqda. Shuningdek, qurilishni to‘xtatish bo‘yicha bir necha marta vazirlik tomonidan xat chiqarilishiga qaramasdan, shu vaqtga qadar qurilish ishlari to‘xtatilmaganini ham qo‘shimcha qilishmoqda. Ya'ni Toshkent shahar IIBB Madaniy meros departamentining murojaatiga e'tibor bermayapti.

Toshkent shahar IIBB esa aksincha, tarixiy yodgorlik yonida qurilish ishlari emas, eski avtoturargoh o‘rnida tozalash ishlari ketayotgani, vazirlik qoshidagi Madaniy meros departamentining talabiga asosan boshqarma tomonidan vazirlikka kerakli hujjatlar yuborilganini aytmoqda.

Qurilish maydoni o‘rab olingani bois u yerda tozalash yoki qurilish ishlari ketayotganini aniq bila olmadik. Biroq bino pasportiga e'tibor bersak, unda qurilish ishlari 2021 yil aprel oyida boshlangani haqida ma'lumot berilgan. Shunday xulosa qilinsa, IIBB vakilining so‘zlari haqiqatga zid bo‘lishi mumkin.

Madaniyat vazirligining talabi o‘rinli. Chunki Mingo‘rik qadimiy shahar yodgorliklari uzoq tarixga ega. Yodgorlik YuNeSKOning madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilishi ham mumkin ekan.

Ko‘ramiz, jamiyat qonun ustuvorligi, tartib-qoidalarga jamoatchilik amal qilishini nazorat qiluvchi organ Toshkent shahar IIBBning o‘zi qanchalik qonun talabiga rioya qilar ekan.

Rahmatillo Isroilov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top