12:22 / 05.05.2021
21602

O‘zbekiston yana bir Dreamliner qabul qilib oldi

Bugun, 5 may kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi navbatdagi, oltinchi Boeing Dreamliner 787-8 havo kemasini qabul qilib oldi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur bort bilan Project C.U.R.E. dasturi doirasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida Orolbo‘yi mintaqasiga navbatdagi insonparvarlik yordam yuki olib kelindi.

Boeing 787 samolyotlari yengil materiallardan tayyorlangan. Shovqini Boeing 767’ga qaraganda 60 foizga kamaytirilgan. Keng salonga ega, dizayni Boeing SkyInterior yo‘nalishida yaratilgan. Har 2 daqiqada salon havosini tozalab turadi. 

“Samolyot 270 o‘ringa mo‘ljallangan. 24tasi biznes klass, qolgani ekonom o‘rindiqlar”, deydi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi muhandisi Qudrat Mirzayev.

Kompaniya Orolbo‘yi aholisini tibbiy jihozlar bilan ta'minlashni maqsad qilgan. Insonparvarlik yordami ichida 8ta koyka, matras va nogironlik aravachasi olib kelindi. 

Boeing kompaniyasi Project C.U. R. E. dasturining tibbiy jihozlar insonparvarlik yordamini qo‘llab quvvatlash uchun uchun 100 ming dollar ajratishini e'lon qilgan. Bu Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasidagi uchinchi insonparvarlik yordami. Oldingi 2tasi 2016 yilda olib kelingandi.

Bundan avvalroq 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida Uzbekistan Airways 2021 yilda yangi Boeing-787-8 samolyotini xarid qilishi ko‘zda tutilgani, Dreamliner’ning xarid qiymati 141,7 million dollar bo‘lib, shundan 107,1 million dollari Xitoy davlat taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ma'lum qilingandi. 

Top