12:05 / 05.05.2021
6383

«Xalq ta'limi bo‘limi rahbari shaxsan javobgar». XTV ish haqidan majburiy ushlanmalar bo‘yicha munosabat bildirdi

Foto: KUN.UZ

Xalq ta'limi vazirligi xodimlarning ish haqidan majburiy ushlanmalar (mol-mulk, yer solig‘i va boshqa to‘lovlar) olib qolish holatlari yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra vazirlik xodimlarning ish haqi to‘lovlaridan ushlanmalar (mol-mulk, yer solig‘i va boshqa to‘lovlar) ularning yozma roziligisiz amalga oshirilmasligi, xalq ta'limi bo‘limlari birinchi rahbarlari shaxsan javobgar ekani, bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda ular bilan mehnat shartnomasiga muvofiq ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi ta'kidlangan.

«So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilardan majburiy ravishda rozilik xati yozdirib, mol-mulk, yer, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soliqlari mahalliy budjetlarga o‘tkazib kelinayotganligi holatlari yuzasidan murojaatlar e'lon qilinmoqda.

Shularni inobatga olgan holda Xalq ta'limi vazirligi xodimlarning ish haqi to‘lovlaridan ushlanmalar (mol-mulk, yer solig‘i va boshqa to‘lovlar)ni ularning yozma roziligisiz amalga oshirilmasligini, bu kabi xatlarni majburiy ravishda yozdirish holatlari yuz bergan taqdirda o‘qituvchilardan o‘z huquqlarini himoya qilishlarini so‘rab qoladi.

Mas'ul xodimlar tomonidan bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda, ular bilan mehnat shartnomasini amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida ogohlantiramiz.

Bu kabi holatlar bo‘yicha xalq ta'limi bo‘linmalari birinchi rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanib, mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘yish holatlari takrorlangan taqdirda mazkur rahbarlarga nisbatan o‘rnatilgan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi hamda mehnat shartnomasi bekor qilinishini eslatib o‘tamiz.

Siz faoliyat yuritayotgan maktabda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda vazirlikning 71 202 09 09 ishonch raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin», deyiladi vazirlik munosabatida.

Top