11:17 / 05.05.2021
294
Xorazm bojxona postlarida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi

Xorazm viloyatining «Do‘stlik» va «Shovot» chegara-bojxona postlarida «Sanksiyalanmagan ionlashtiruvchi nurlanish manbalari topilishi bilan bog‘liq avariyani bartaraf etishda favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorlikdagi harakatlari» mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Unda viloyat bojxona, IIB, FVB va Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, «Sanoatgeokontexnazorat» mintaqaviy inspeksiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari qatnashdi.

Rejaga muvofiq, dastlab mamlakatimizga kirish yo‘nalishida yengil  avtomashina harakatlandi va dozimetrik nazoratdan o‘tkazish jarayonida bojxona postidagi radiatsion portal monitor tashvish signalini berdi. Aniqlangan holat bo‘yicha tezkor navbatchi tomonidan tegishli idoralarga xabar berildi.

Shundan so‘ng, jalb etilgan guruhlar tomonidan noma'lum ionlashtiruvchi nurlanish manbasi topilgan joy radiatsiyaviy ifloslanish o‘chog‘ining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda uni zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi.

Bunday o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad – chegara-bojxona postida ionlashtiruvchi nurlanishning sanksiyalanmagan manbalarini aniqlash, obekt rahbarlar tarkibi, fuqaro muhofazasi tuzilmalari hamda tegishli favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi xizmatlari shaxsiy tarkibining harakatlari va bilimlarini oshirish hamda ularda amaliy ko‘nikmalar hosil qilish, harakatlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Respublikamizga radioaktiv materiallarning noqonuniy kirib kelishini oldini olish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasi tasarrufidagi barcha chegara-bojxona postlarida uch turdagi: yo‘lovchilar, avtomobillar va temiryo‘l vagonlari uchun radiatsion nazorat qurilmalari o‘rnatilgan.

Top