17:08 / 06.05.2021
16412

Prezident: Bundan buyon bitiruvchilar kamida ikki chet tilini mukammal bilishi shart

Ma'lum qilinishicha, 1400ta maktabda chet tili o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda, maktablardagi 11 ming o‘qituvchidan 49 foizi testdan o‘ta olmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida chet tillarini o‘rganish masalasi muhokama qilindi.

«Bugungi mavzuga ko‘pdan beri tayyorgarlik ko‘rganmiz. Parlamentga murojaatimizda ham fizika va chet tillarini o‘rganishni kuchaytirish bo‘yicha alohida to‘xtalgandik. Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonda raqobatga tayyor bo‘lishimiz kerak. Uchinchi renessans poydevorini mustahkam qilish uchun ham chet tillarini o‘rganishni kuchaytirishimiz kerak. Qanday og‘ir bo‘lmasin, bu masala e'tiborda bo‘lishi, urg‘uni alohida berishimiz lozim.

Bu masala bilan jiddiy shug‘ullanish vaqti keldi. Ochiqlik siyosatimiz, dunyo bozoriga faol kirib borayotganimiz hamda xalqaro hamkorlik aloqalarimizning kun sayin kengayishi, ushbu masalaning dolzarbligini yanada oshirmoqda. Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliygoh bitiruvchilari kamida 2ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu ham biz uchun katta mas'uliyat. Agar mana shunday katta marra olmas ekanmiz, natijaga erisha olmaymiz.

Bu qat'iy talab har bir ta'lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim. Shuning uchun, joylarda chet tillarini o‘rganishga yetarli sharoit yaratish va uni ommalashtirish barcha rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi lozim. Zamonning o‘zi bizga shunday talab qo‘yyapti», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 25ta oliygohda o‘qitish chet tilida olib borilmoqda. Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o‘quvchilar so‘nggi 3 yilda 10 baravarga oshgan (700 nafardan 7 ming nafarga). 60 ming o‘quvchi yetakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda.

Joriy yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali 350 nafar yoshlarning nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratilgan. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko‘pdir.

«Agar kimdadir yanada ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bo‘lsa, uni ham ko‘rib chiqishga tayyormiz. Hokimlar ham bu borada tashabbus ko‘rsatishlari mumkin.

Lekin, qayd etilgan ko‘rsatkichlarga qaramay, chet tillarini o‘qitish bo‘yicha joylardagi haqiqiy ahvol, oldimizga qo‘yilgan katta rejalarga mutlaqo munosib emas», degan Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lum qilinishicha, 1400ta maktabda chet tili o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda,  maktablardagi 11 ming o‘qituvchidan 49 foizi testdan o‘ta olmagan.

«Yangi O‘zbekiston quryapmiz, lekin tizimga vaqtida e'tibor bermaganimiz uchun bugungi kunda, ta'lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, 1 ming 400ta maktabda chet tili o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryoda – 380ta, Samarqandda – 287ta, Jizzaxda – 140ta, Toshkent viloyatida – 120ta, Surxondaryoda – 90tani tashkil etadi.

Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega. Bor yo‘g‘i 4 foiz!

Misol uchun, 18ta tuman va shaharda, jumladan Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzunda birorta o‘qituvchi sertifikat olmagan. Shuningdek, jami 11 ming nafar maktab chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan. Ochiq aytsak, o‘zi ularning ishlashga haqqi yo‘q, lekin ilojsizmiz, boshqasi yo‘q.

Qashqadaryoda – 55 foiz, Jizzaxda – 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryoda – 52 foiz. Shu bois, mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi», degan davlat rahbari.

Top