16:48 / 06.05.2021
16208
«Sputnik V» vaksinasi amaldorlar uchun olib kelinganmi? «SES» rasmiysi javob berdi

AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiolik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov «Sputnik V» vaksinasi bo‘yicha aholi orasida tarqalayotgan turli gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi.

Botir Qurbonovning aytishicha, «Sputnik V» vaksinasi faqat amaldorlar uchun olib kelingani haqida aytilayotgan fikrlar noo‘rin. Chunki bu vaksina ham 65 yoshdan kattalar va tibbiyot xodimlarini emlash uchun olib kelingan. Toshkent shahrida mavjud emlash markazlariga mazkur vaksina bilan emlanish uchun murojaat qilayotgan ayrim shaxslar yoshi 65 yoshga yetmagani bois ularga rad javobi berilgan.

«Bugungi kungacha Toshkent shahrida 23 mingdan ortiq fuqaro «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan. Keltirilgan 50 ming vaksinaning asosiy qismi poytaxt aholisiga to‘g‘ri kelmoqda. Chunki bu vaksinaning olib kelinishi va saqlanishi ma'lum sovuqlik zanjirini talab qiladi. Bugun-ertadan boshlab respublikamiz viloyatlarida ham ushbu vaksina bilan emlashni boshlash ko‘zda tutilgan», dedi Qurbonov.

O‘zbekiston «Sputnik V» vaksinasi uchun katta miqdorda buyurtma bergan, ammo ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berishda muammo bo‘lganligi bois 50 ming dozada olib kelingan.

«Kamida 500 ming dozada keltirishni mo‘ljallagandik. Ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan faqatgina 50 ming doza tayyorlab berildi. Transport vazirligiga alohida topshiriq berilgan, agar Rossiya vaksina tayyor desa, hoziroq borib olib kelishga imkoniyatimiz bor», deydi Botir Qurbonov.

Oldinroq odamlar «Sputnik V» vaksinasi bilan emlash boshlangani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda o‘zbekistonliklar AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001 hamda «Sputnik V» vaksinalari bilan emlanmoqda.

Top