09:42 / 07.05.2021
4852
Surxondaryoda qalbaki PZR-test natijalarini sotish bilan shug‘ullangan guruh fosh etildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida qalbaki PZR-test natijalarini sotish bilan shug‘ullangan guruh fosh etilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Denov tumani IIO FMB JQB xodimlari moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolarga koronavirus infeksiyasi natijalari (PZR-test) haqida qalbaki ma'lumotnoma tayyorlab beruvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ygan.

Qayd etilishicha, fuqaro A.S. joriy yil 1 may kuni Denov tumanidagi tibbiyot muassasalaridan birida ishlovchi tanishi P.D.ga uchrashib, koronavirus infeksiyasiga qarshi o‘zi va 7 nafar tanishi PZR-test topshirmoqchi ekanini aytgan. P.D. esa hech qanday analiz olmasdan turib, PZR-test ma'lumotnomasini tayyorlab berish uchun ularning har biridan 150 ming so‘mdan, jami 1 million 200 ming so‘m berishni talab qilgan. Shundan so‘ng A.S. tanishining tamagirlik yo‘li bilan pul talab qilgan bu harakatlariga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ichki ishlar organiga murojaat qilgan.

Mazkur arizaga asosan olib borilgan tezkor harakatlar chog‘ida P.D. tibbiyot muassasasining ma'muriy binosi ichida «mijoz»i A.S.dan talab qilgan 1 million 200 ming so‘mdan 1 millionini olib, uning 700 ming so‘mini o‘zi bilan birga ishlaydigan O.N.ga bergan vaqtda Surxondaryo viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Denov tumani bo‘yicha IIO FMB JQB xodimlari tomonidan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan Denov tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi xodimlari tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top