12:30 / 07.05.2021
7061

UZEX: Birjaning rasmiy uzex.uz sayti yangilandi

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining rasmiy uzex.uz veb-sayti yangilandi va sinov tariqasida ishga tushirildi.

Vebsaytning redizayni birja faoliyatining shaffofligini yanada oshirish, uning tarkibiy tuzilmasini optimallashtirish, veb-saytdan foydalanishni soddalashtirish va uning funksional imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida amalga oshirildi.

Muhim ma'lumotlar va foydali servislar veb-saytning asosiy sahifasiga joylashtirildi. Xususan, foydalanuvchilar birja savdolari va onlayn-auksionda ishtirok etish tartibi haqidagi video ko‘rsatmalar, birja kotirovkalari, eng so‘nggi yangiliklar hamda e'lonlar bilan tanishishlari mumkin.

Bosh sahifa orqali, shuningdek, elektron savdolarda ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan garov mablag‘i miqdorini hisoblab beruvchi kalkulyator kabi barcha interaktiv xizmatlardan ham foydalanish mumkin. Bundan tashqari, savdo ishtirokchilari veb-sayt orqali yagona onlayn-ro‘yxatdan o‘tish va to‘g‘ridan to‘g‘ri birjaning zarur bo‘lgan savdo tizimiga o‘tish kabi imkoniyatlarga ham ega.

Veb-sayt ichki sahifalarining dizayni ham o‘zgartirilib, uning qulay va sodda navigatsiyasi ham joriy etildi. Veb-saytga, shuningdek, yangi axborot bannerlari va barcha tovar pozitsiyalarning narxlar dinamikasini grafik shaklda kuzatish funksiyalari qo‘shildi.

Yangilangan veb-sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan. Ayni vaqtda foydalanuvchilar uchun saytning avvalgi talqini ham xizmat qilmoqda. Yangi ko‘rinishga ega bo‘lgan saytni yanada takomillashtirishga qaratilgan ishlar hali davom etmoqda, jumladan, yana o‘zgarishlar kiritilishi va qo‘shimcha qulayliklar qo‘shilishi kutilmoqda.

Birjaning internet-resurslarini yangilash kompaniyaning birja savdolari va elektron tijorat sohasida yetakchilik qilish strategiyasining muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Veb-saytga kiritilgan barcha o‘zgarishlar foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va uning maqsadli auditoriyasini kengaytirishga qaratilgan.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining rasmiy uzex.uz sayti tashrif buyuruvchilarning soni bo‘yicha elektron tijorat yo‘nalishida ikkinchi o‘rinni egalaydi. Har kuni veb-saytga o‘rtacha 18 000 ta noyob foydalanuvchi tashrif buyuradi.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi

Top