09:41 / 07.05.2021
1800
Yana bir agentlik tashkil etilmoqda

Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi ma'lum qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni o‘tkazilgan chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi.

Prezidentning ta'kidlashicha, bu Agentlik dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini ta'lim tizimida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi. Ta'lim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini o‘rgatishni tashkillashtiradi.

Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta darajasini olgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari qoplab beriladi. Kelgusi yildan boshlab, ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

Keyingi uch yil davomida maktablardagi 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining barchasi xalqaro sertifikat olishi zarurligi ta'kidlandi. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, maktablardagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

Chet tillarini chuqur o‘rgatish maqsadida tuman va shaharlarda 207 ta maktab tanlab olingan. Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun mahalliy budjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratishga ko‘rsatma berilgan.

Videoselektor yig‘ilishida mutasaddi rahbarlar va o‘qituvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Top