14:52 / 08.05.2021
10395
6 nafar mehnat muhojiri O‘zbekistonga qaytarildi

15 yoshli Usmonjon 2019 yilda onasi va singillari bilan Turkiyaning Istanbul shahriga keladi. Hali maktabni tamomlamagan Usmonjon avval boshda Istanbulda o‘qishni reja qilgan bo‘lsa-da, katta shahardagi tashvishlar, moliyaviy muammolar uni o‘qishga emas, ishlashga majbur qilib qo‘yadi. Ikki yildan oshiqroq vaqt davomida oila tebratish payida bo‘lgan Usmonjon va uning onasi topgan pullariga amallab kun ko‘radilar.

Usmonjon va uning onasidan tashqari ikki singlisi va yana ikki nafar vatandoshimiz muhojirlikning qattiq nonini yeyman deb Istanbulda ko‘p qiyinchiliklarga uchraydilar. Kimisidir ellik yoshni qoralab qo‘yganiga qaramasdan begona xonadonda yoshi katta insonlarga enagalik qilgan bo‘lsa, yana kimdir hali balog‘at yoshiga yetmasdan goh ustachilik, goh tikuvchilik fabrikasida ishlab ko‘radi. Ammo muammolarning keti uzilmaydi...

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga qilingan murojaat vatandoshlarimiz foydasiga hal bo‘ldi.

Kuni kecha ushbu fuqarolarimiz Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga uchib ketdilar. Ularning yo‘l xarajatlari mutasaddilar tomonidan to‘lab berildi.

To‘liq videoni Uzbek.Life'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Isfandiyor Burgutboyev,
Uzbek.Life'ning Turkiyadagi kolumnisti

Top