16:46 / 08.05.2021
6164
Chexiya bosh vaziri YeIning barcha mamlakatlarini Rossiya diplomatlarini chiqarib yuborishga chaqirdi

Chexiya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, 7 may kuni YeI mamlakatlari rahbarlari Vrbetitsedagi portlashlarni muhokama qilgan. 

Foto: Roman Vondrouš, ČTK

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Yevroittifoq mamlakatlari rahbarlariga Chexiya bilan birdamlik ramzi sifatida Rossiyaning kamida bir nafar diplomatini chiqarib yuborishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda České noviny nashri xabar berdi.

«Biz bir a'zo davlatga hujum YeIning barcha a'zolariga hujum ekanini tushunishimiz lozim. Men ulardan kamida bir nafardan diplomatni chiqarib yuborishni so‘radim», — dedi Babish jurnalistlarga.

Chexiya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, 7 may kuni Portuda YeI mamlakatlari rahbarlari Vrbetitsedagi portlashlarni muhokama qilgan. 

Babish avvalroq bu mavzuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muhokama qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 17 aprelda Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakat maxsus xizmatlaridan Vrbetitsedagi hodisaga Rossiya bosh razvedka boshqarmasi xodimlari aloqadorligi haqida axborot olganini ma'lum qildi. Bu ayblovlar Chexiya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashishiga olib keldi.

Vrbetitsedagi portlashlar 2014 yil 16 oktyabrda va 3 dekabrda yuz bergan. Portlashlar oqibatida 2ta ombor yo‘q bo‘lgan, 2 kishi halok bo‘lgan.

Bir yarim oydan keyin birinchi ombordan bir kilometr uzoqlikda joylashgan boshqa omborda kuchli portlash sodir bo‘lgan. Bu yerda 100 tonnaga yaqin o‘q-dori saqlangan.

Top