15:09 / 08.05.2021
8927
O‘zbekiston xalqaro zaxiralaridagi monetar oltin hajmi qariyb 10 tonnaga oshdi

Aprel oyi davomida O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 1,5 milliard dollarga ko‘paydi. Buni oltin narxi tiklana boshlashi va monetar oltin hajmi oshgani bilan izohlash mumkin.

Foto: Akio Kon/Bloomberg

Joriy yil 1 may holati bo‘yicha, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 34,1 milliard dollarni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, 1 aprel holatida respublikaning rasmiy zaxira aktivlari 32,6 milliard dollarni tashkil qilgan. Oltin-valuta zaxiralarining keskin oshishiga oltin narxi unsiyasi uchun 1685,35 dollargacha pasayishidan keyin, 1830 dollargacha qimmatlashini sabab sifatida keltirish mumkin. Shuningdek, o‘tgan bir oy davomida zaxiradagi monetar oltin hajmi 0,3 million troya unsiyasiga (9,33 tonna) oshganini ham kuzatishimiz mumkin.

Ma'lumot uchun, 1 unsiya 31,1 grammga to‘g‘ri keladi.

Oltin-valuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valuta jamg‘armasi standartlari asosida yuritiladi. O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari tarkibining juda katta qismi xorijiy valuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.

Bundan tashqari, xorijiy valuta aktivlari ham o‘tgan davr mobaynida 75 million dollarga oshgan.

Respublika xalqaro zaxiralarida 2021 yilning 1 may holatida oltin 20,7 mlrd dollarni, xorij valuta aktivlari esa 13,1 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Top