11:24 / 09.05.2021
49564

Arab dengizida katta miqdorda rus va xitoy qurollari ortilgan kema qo‘lga olindi

Amerikaning raketali kreyseri Arab dengizi hududida birorta o‘zini tanitish belgisiga ega bo‘lmagan kemani qo‘lga oldi, uning bortida Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan yirik miqdordagi qurollar partiyasi aniqlangan. Hozirda AQSh hukumati bu kema qayerdan qayerga harakatlanganini aniqlashtirish ustida ish olib bormoqda.

Foto: twitter.com

AQSh harbiy-dengiz kuchlari 5-floti ma'lumotlariga ko‘ra, kemani ushlash bo‘yicha amaliyot neytral suvlarda USS Monterey kreyseri jamoasi ko‘magida o‘tkazilgan. Amaliyot ikki kundan ortiqroq davom etgan.

Amerikalik harbiylar kema bortida Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan minglab avtomatlar, shuningdek, rossiyaliklarning tankka qarshi raketa majmualari, merganlik miltiqlari va pulemyotlar bo‘lgani haqida xabar bergan.

«Kemada yashirilgan qurol orasida Rossiyada ishlab chiqarilgan tanklarga qarshi boshqariluvchi o‘nlab raketalar, Xitoyda ishlab chiqarilgan minglab miltiqlar, pulemyotlar, tanklarga qarshi granatomyotlar aniqlangan», deyiladi flotning rasmiy tvitterida.

Topilgan qurollar musodara qilingan. Noqonuniy qurolni tashiyotgan kema ekipaji so‘roq qilingach, qo‘yib yuborilgan. Hozirda AQSh hukumati bu yuklar qayerdan chiqqani va kimga mo‘ljallanganini aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda.

AP agentligi amerikalik harbiylarga asoslangan holda bu yuk Yamandagi husiychilar uchun atalgan bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Bu qurollar Erondan chiqqani taxmin qilinmoqda.

Bu amerikaliklar kemasi Arab dengizi hududida yirik miqdorda qurol-yarog‘ ortilgan kemalarni to‘xtatishi bilan bog‘liq ilk holat emas. 2020 yil boshida ham amerikalik harbiylar qurol ortilgan eronliklar kemasini to‘xtatgandi.

Top