12:09 / 09.05.2021
2640
Samarqanddagi anhorga binafsha rang suvni oqizayotgan korxona ma'lum bo‘ldi

2021 yil 7 may kuni Samarqand shahridan oqib o‘tuvchi anhorda binafsha rangli suv oqqan. Aniqlanishicha, bu suv shahar hududida joylashgan mato ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan oqizilgan. Bu haqda Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.

Joriy yil 7 may kuni Samarqand shahar Chuqur yo‘li ko‘chasi hududidan oqib o‘tuvchi «Chashma» va «Siyobcha» kollektorlarining birlashish qismidan binafsha rangdagi, tarkibida ifloslantiruvchi moddalar me'yoridan ortiqcha bo‘lgan oqova suvlar oqayotgani aniqlangan.

Kecha, 8 may kuni Ekologiya inspeksiyasi inspektorlari, tegishli tashkilotlar mas'ullari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvda binafsha rangdagi oqova suvlar Samarqand shahar, «Birlik» MFY, Birlik ko‘chasi 4-uyda joylashgan, baxmal mato ishlab chiqaradigan «Sayyora tekst» oilaviy korxonasi tomonidan oqizilayotgani aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, to‘liq quvvat bilan ishlayotgan mazkur oilaviy korxonada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlar belgilangan tartibda tozalanmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri oqova suv tashlash tarmog‘iga tashlangan.

Qayd etilishicha, hozirda binafsha rangdagi suvning kollektorga oqizilishi to‘liq bartaraf etilib, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Top