07:09 / 09.05.2021
1462
Surxondaryo viloyat IIB uzunlik fuqaroning vafot etishi haqida xabar tarqatganlar noxolis ekanligini iddao qilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tumanida noma'lum shaxsning murdasi topilgani haqida xabar tarqalgandi. Ushbu xabar yuzasidan Surxondaryo viloyat IIB rasmiy munosabat bildirib, noto‘g‘ri xabar tarqatilganini ta'kidlamoqda.

Rasmiy munosabatda «Uzun tumani markaziy shifoxonasining 2021 yil 6 may kunidagi xabarga ko‘ra, 6 may kuni soat 05:45da, Sariosiyo tumanida yashagan, fuqaro M.R. tumanning O‘zbekiston mahallasi hududida vafot etgani aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tumani markazidagi ko‘prik atrofidan noma'lum shaxsning murdasi topilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar noto‘g‘ri. Shu kuni vafot etgan marxum M.R.ning shaxsi aniq bo‘lib, uning o‘limiga surunkali kasalligi sabab bo‘lganini ma'lum qilamiz», - deyiladi.

Kun.uz muxbiri Uzun tumanidagi ko‘prik atrofida noma'lum shaxs vafot etganligi, atrofdagi fuqarolar ushbu fuqaroni shaxsini aniqlashga jalb etilgani haqidagi xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida Uzun tuman hokimligi vakilidan izoh olgandi. U Kun.uz'ga fuqaroning shaxsini aniqlash ishlari olib borilayotganini bildirgandi.

Shu kunning o‘zida ushbu xabarlar haqiqatga mos kelishini tekshirish maqsadida Surxondaryo viloyat IIB axborot xizmati bilan bog‘langan Kun.uz muxbiri ma'sul shaxsdan mazkur izohni ololmagan.

Surxondaryo viloyat IIB o‘zlari bilan bog‘langan muxbirlarga so‘ralgan xabarni xolis, ochiqlik prinsipi asosida taqdim qilganlarida bu kabi holatlar yuz bermasdi. Ma'sullar OAV uchun ochiq bo‘lmagan jarayonda turli manbalarga asosan, noto‘g‘ri talqin qilingan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi tabiiy hol.

Bundan oldin Qumqurg‘on tumanining sobiq o‘rinbosari, sobiq xodim o‘z joniga qasd qilishi yuzasidan IIBdan ma'lumot so‘ralganda ham Kun.uz'ga to‘liq, xolis ma'lumot berilmagan. O‘z joniga qasd qilgan Qumqo‘rg‘on tuman IIB o‘rinbosari ishdan bo‘shatilgani haqida bildirilmagan.

Kun.uz ma'sullar tomonidan berilgan birorta xabarni noxolis talqin qilmagan. Axborot tarqatishda doim xolislikka intiladi.

Top