14:50 / 09.05.2021
6091
«Urushni eslagim kelmaydi» – Faxriylar xotiralari

Bugun Toshkent shahridagi G‘alaba bog‘ida 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari ham tashrif buyurgan tantanali tadbirda urush faxriylarining hikoyalarini tingladik.

G‘affor Abdurahimov, 100 yosh, Toshkent shahridan

«Yaqindagina 100 yoshga kirganimni nishonladim. Allohga shukr, shuncha umr beryapti. Qancha g‘alaba bayramlarini ko‘rdim. Ammo juda ko‘p do‘stlarimga bu kunlar nasib qilmadi...

Urushni eslagim kelmaydi. Farzandlarim, mana shunday farovonlikning, tinchlikning qadriga yetinglar», – deydi otaxon.

Anorboy Jalilov, 97 yosh, Toshkent viloyati Parkent tumanidan

«Urushning oxirgi yilida safarbar qilinganman. Polshada, Germaniyada bo‘ldim. Frankfurt shahrida, Polsha va Germaniya o‘rtasidagi Oder daryosi bo‘ylaridagi o‘rmonlarda jangga kirdik. Men «Katyusha»da xizmat qilardim. Biz «peredovoy»dan bir necha kilometr ortda borardik va ko‘rsatilgan koordinatalar bo‘yicha o‘qqa tutardik.

«Katyusha» o‘qqa tutganda har qanday istehkomning tit-piti chiqib ketardi. «Urushdagi g‘alaba qaysidir jihatdan «Katyusha» tufayli qo‘lga kiritilgan», – degan fikr bor. Men shunga ishonaman. Sababi, bu qurolni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, jangdagi ahamiyatini his qilganman. Shu tufayli ham «Katyusha» nihoyatda qattiq qo‘riqlanardi.

Nabiralarim bilan mana shu G‘alaba bog‘iga kelganimda uzoqdan «Katyusha»ni ko‘rib ko‘zlarim yoshga to‘ldi, qadrdonimni topganday bo‘ldim...

1945 yilning 2 mayida biz askarlarga urush tugaganini bildirishdi. Lekin meni yana xizmatga olib qolishdi va 1950 yildagina yurtimga qaytdim», deya xotiralari bilan bo‘lishdi Anorboy ota.

G‘alaba bog‘idagi amfiteatrda o‘tkazilgan bayram tadbirida davlat rahbari Xotira va qadrlash kuni bilan barcha faxriylarni tabrikladi.

«...Biz – bugungi minnatdor avlodlar, sizlar kabi jasur otalarimiz bilan, umrbod faxrlanamiz. Mana shu hayajonli daqiqalarda, sizlarning jang maydonlaridagi buyuk qahramonlik ko‘rsatganingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun, barchamiz bosh egib ta'zim qilamiz. Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun, abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi, albatta», – dedi u tadbir ishtirokchilariga qarata.

Abror Zohidov, tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Top