09:15 / 10.05.2021
3326
Fransiya AstraZeneca vaksinasini yangi shtammlarga qarshi qo‘llamaslikka qaror qildi
Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda koronavirusning yangi shtammlariga qarshi AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi qo‘llanmasligi, uning o‘rniga samaraliroq boshqa vositalardan foydalanilishini ma'lum qildi.   

«Biz hozir ushbu vaksinani qo‘llashni davom ettirmoqdamiz, chunki u bizga inqirozdan chiqishda yordam bermoqda. Biroq yangi shtammlar xavfiga javob berishimiz uchun bizga samaraliroq boshqa vositalar lozim», deb aytgan Makron.

Fransiya yetakchisi Yevropa ittifoqining 2021 yil ikkinchi yarmi uchun AstraZeneca vaksinasi yetkazilishi bo‘yicha shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilganini shunday tarzda qo‘llab-quvvatlagan.

26 aprelda Yevrokomissiya AstraZeneca’ni Yevropa ittifoqiga vaksinalarni yetkazish bo‘yicha shartnomani buzgani uchun sudga bergan.

Kompaniya bilan 2020 yil yozda Yevropa ittifoqiga 400 mln vaksina yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Hujjat kompaniya o‘z vositasini ishlab chiqishni hali yakunlamasidan tuzilgan.

Joriy yil mart o‘rtasida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa ittifoqida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani, yangi shtammlar paydo bo‘lganini ma'lum qilgan. U buni aholini emlash sur'atlari pasaygani bilan bog‘lagan va bunda AstraZeneca’ni ayblagan.

Hozirda Yevropa ittifoqida 4ta vaksinani qo‘llashga ruxsat berilgan: Pfizer, Moderna, AstraZeneca hamda Janssen vositalari.

Top