16:20 / 10.05.2021
10266

Futzaldagi o‘zgarishlar. PFL joriy mavsum nimalarga erisha oldi?

Professional futbol ligasi futzal sporti bo‘yicha mavsum yakunlarini keltirdi.

«Futzal sport turini rivojlantirish masalasida ko‘plab tortishuvlar mavjud bo‘lib, ayrimlar futzal Jahongir Usmonov tomonidan boshqarilgan vaqtda ancha jozibali bo‘lgani haqida aytadi. Chindan ham o‘sha davrda Ispaniya va Braziliyadan mutaxassislar olib kelindi va terma jamoa bir qadam oldinga yura oldi. Biroq kecha yakuniga yetgan 2020/21 yilgi mavsumdan xulosa qilinsa, futzal yana avvalgi mavqeyiga qaytayotganini ko‘rish mumkin. 

Birinchi galda PFL futzal mavsumini bahor-kuzdan kuz-bahorga o‘zgartirishga erishdi. Albatta, pandemiya davri bunda katta rol o‘ynadi hamda temir ayni qizig‘ida bosildi. Endi futzal sentabr oyida start oladi va mayda yakuniga yetadi. 3 oylik yozda esa sohil futbolini jonlantirish masalasi kun tartibiga chiqadi. 

Shu yilning 25 mart kuni chempionlik uchun asosiy da'vogar bo‘lgan «Paxtakor» va AGMK o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv chindan ham fantastik ruhda o‘tdi va yakunda Toshkent klubi 3:2 hisobida ustun keldi. Musobaqaning asosiy kulminatsiyasi mana shu uchrashuv bo‘ldi va «Paxtakor» mavsum yakuniga qadar 1 ochkolik farqni saqlab qolishga erishdi. Kecha «O‘zbekiston» sport majmuasida dastlabki uch o‘rin egalari munosib taqdirlandi, futzal muxlislari uchun haqiqiy bayram kayfiyati tortiq qilindi. 

PFL yosh kadrlar qo‘liga o‘tgach, tashkilot nafaqat Pro liga translatsiyasi borasida tarixiy kelishuvga erishdi, balki futzal translatsiyalarini ham Sport-TV bilan hamkorlikda ekranlarga qaytardi. Bu albatta musobaqa intrigasini yanada kuchaytirdi», deyiladi PFL xabarida.

Avvalroq PFL rahbari futzal uchun oldinda qilinishi kerak bo‘lgan to‘rt masala haqida yozgandi:

  • futzal klublarini badal pullaridan ozod qilish;
  • futzal translatsiyasini yo‘lga qo‘yish; 
  • futzal geografiyasini kengaytirish;
  • futzal chempionati uchun ham titul homiyga ega bo‘lish. 

«Hozircha PFL ikki masalani uddaladi. Ya'ni ilk marta futzal klublari badal to‘lashdan ozod etildi. Qo‘shimchasiga, chempionat translatsiyalari yuqorida aytilganidek yo‘lga qo‘yildi. Ayni vaqtda tashkilot keyingi ikki masala ustida ishlayapti. Joriy mavsum musobaqalar Toshkent, Olmaliq va Jizzaxda o‘tkazilgan bo‘lsa, bizga ma'lum bo‘lishicha, sentabr oyidan boshlab Farg‘ona hamda Samarqand shaharlari ham ro‘yxatga qo‘shiladi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov bu borada PFL taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda viloyatdagi yirik «Samo» sport majmuasi qoplamasini almashtirishga kirishdi. Chindan ham futzal respublikaning har bir viloyatiga kirib bormaguniga qadar, uni yetarli darajada ommalashtirish qiyin. PFL aynan shu yo‘nalishda ishlayapti. 

Shuningdek, futzal bo‘yicha milliy terma jamoa kuz faslida jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi va bu ham katta yutuq. O‘FA ayni vaqtda katta futbol termasi uchun nomdor raqiblar topib bera olmayotgan bo‘lsa-da, futzalda ishlar joyida. Milliy jamoamiz hozirgacha uch qit'aning eng kuchlilari bilan o‘ynab ulgurdi: Eron, Marokash va Argentina. Amaldagi mundial g‘olibi sifatida Argentinaning Toshkentga olib kelingani ham diqqatga sazovor. 

Qisqa qilib aytganda, hozircha futzalni jonlantirish operatsiyasi yomon ketmayapti. Kecha tugallangan mavsum avvalgilaridan ancha jonliroq o‘tgani ham fikrimizga misol bo‘la oladi. «Paxtakor» AGMK klubining ketma-ket besh mavsum davom etgan chempionligiga chek qo‘ya oldi», deyiladi xabarda.

Quyida taqdirlash marosimidan suratlar taqdim etilgan.

 

Top