12:41 / 10.05.2021
12586

«Katta yettilik» davlatlari Rossiya va Xitoy agressiyasiga qarshi birgalikda kurashishni muhokama qildi

O‘tgan hafta 2 yillik tanaffusdan so‘ng «Katta yettilik» davlatlari tashqi ishlar vazirlari ilk marta yuzma-yuz uchrashdi. Londonda o‘tgan uchrashuvda tomonlar ko‘plab mavzularda uzoq muhokamalar o‘tkazishdi. Belarus, Ukraina va Myanmadagi voqealar, Rossiya va Xitoyga qarshi javob choralari ko‘rish asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi.

AQSh, Kanada, Britaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya va Yaponiyadan tarkib topgan mamlakatlar guruhi – G7 (group of seven) vakillari Xitoy, Rossiya hamda Eronni xalqaro hamjamiyat uchun xavf deb hisoblashini yana bir bor ta'kidlashdi.

Tashqi ishlar vazirlari Rossiya tomonidan bo‘layotgan soxta ma'lumotlar tarqatish va trollar orqali odamlar fikrini o‘zgartishga bo‘layotgan urinishlarga qarshi umumiy reja ishlab chiqish borasida taklif bergan. Uchrashuvning umumiy mazmuni aynan Xitoy hamda Rossiyaning axborot va siyosat maydonidagi agressiyasiga qarshi reja ishlab chiqish bo‘lgan.

Uchrashuvning dastlabki 1,5 soatida Xitoy muhokama qilingan. Keyinchalik mart oyida harbiy to‘ntarish amalga oshirilgan Myanma haqida fikr almashilgan. Orada Liviya hamda Suriyadagi vaziyat muhokama qilingach, kun yakunida Rossiya mavzusiga vaqt ajratilgan. Bu vaqtda Belarus va Ukrainadagi voqealar haqida ham so‘z borgan.

Xitoy bilan munosabatlar

«Biz Xitoy bilan kuchli tomonda turib gaplashishimiz kerak. Hamkorlar bilan ishlash kerak, ularning holatiga e'tiborsizlik qilish kerak emas. Aynan mana shu kuchli tomonda turib gaplashish bo‘ladi. Bugun kun davomida juda ko‘p mavzularda gaplashdik. Quvonarlisi, uchrashuvlarda hamkorlik va umumiy qadriyatlar haqida ko‘p gapirildi. Asosiy muhokama mavzusi Xitoy bo‘ldi. Men Xitoy dunyo hamjamiyatining ajralmas qismi bo‘lishini istardim, lekin ular bu uchun belgilangan tartiblardan chekinmagan holda harakat qilishi kerak», degan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken uchrshuvlardan keyin Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan suhbatda.

Biroq janob Blinken aytganiday Xitoy hozircha xalqaro hamjamiyatning yo‘rig‘idan yurayotgani yo‘q. Mamlakat o‘zining iqtisodiy ustunligidan foydalangan holda sheriklarini va hatto raqobatchilarini ham o‘zi xohlagandek harakatlanishiga majbur qila olmoqda.

Xitoyning Janubiy Xitoy dengizi havzasidagi harakatlari dunyo hamjamiyatida xavotir uyg‘otayotgani rost. «Katta yettilik» davlatlari Xitoyning hududdagi ta'sirini kamaytirishning eng samarali usuli janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni yaxshilash degan xulosaga kelishdi.

Rossiya bilan munosabatlar

Rossiyaga qarshi reja haqida birdanida bir nechta mamlakat vakillari so‘z ochishdi. Masalan, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi Rossiya bilan munosabatlarda «birdamlik yondashuvi»ni taklif qildi. Uchrashuvda Britaniya vakili Rossiya hamda Ukraina chegarasidagi holat haqida hisobot berdi. Bu ma'lumotlardan keyin yaponiyalik diplomat ayni mavzuda umumiy yo‘nalishni belgilab olishni taklif qildi. O‘z navbatida Fransiya va AQSh vakillari ham Rossiyaning mintaqadagi agressiv harakatini diqqat bilan kuzatishayotganini ma'lum qilishdi.

«Biz Rossiya argessiyasi qarshisida turgan Ukraina bilan birgamiz. Biroq [Rossiyada] korrupsiya va islohotlarga to‘siq bo‘layotgan boshqa ichki muammolar ham borligini unutmaslik kerak», degan Blinken.

G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida koronavirusga qarshi kurashish ham alohida muhokama qilingan. «Katta boylar» kambag‘al davlatlarga vaksina ko‘rinishida yordam berishga kelishib olishdi. Covax dasturi ham yana muhokama qilindi. Bu dastur doirasida Afrika, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari allaqachon bepul vaksina olishni boshlagan. Biroq ushbu dasturni amalga oshirishda vaksina dozalarining yetishmayotgani qiyinchilik tug‘dirmoqda. Chunki ishlab chiqarilayotgan vaksinaning aksar qismini oldindan pul to‘lab qo‘ygan boy davlatlar olmoqda. Masalan, AQShda bir necha yuz ming doza AstraZeneca vaksinasi bor va Bayden bu vaksinalarni Meksika yoki yaqin atrofdagi boshqa davlatlarga yordam ko‘rinishida berishni va'da qilgan. Biroq bu juda kam hisoblanadi.

Top