07:59 / 10.05.2021
7094

Maktablarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanish tartibi tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan xalq ta'limi tizimidagi tashkilotlarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda quyidagilar aks ettirilgan:

  • jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash tartibi;
  • jamg‘arma mablag‘lari hisobi va hisobotini yuritish tartibi;
  • jamg‘arma mablag‘lari xarajatlari ijrosini nazorat qilish tartibi.

Hujjatda belgilanishicha, 2021 yildan boshlab maktablardagi kam ta'minlangan oilalarga mansub o‘quvchilar (barcha 1-11 sinf o‘quvchilarining 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismi) zamonaviy yagona maktab formasi to‘plamlari bilan bepul ta'minlanadi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlarining ko‘chmas mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;
  • o‘quv dasturlarida nazarda tutilmagan (davlat ta'lim standartlaridan tashqari) mashg‘ulotlar bo‘yicha qo‘shimcha ta'lim berishdan olingan daromadlar;
  • davlat ta'lim muassasalari va tashkilotlari faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslar homiylik xayriyalari;
  • vaqtincha bo‘sh turgan milliy valutadagi mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • muassasa va tashkilotlarning ilmiy, pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlari lavozim maoshiga belgilangan qo‘shimcha haqni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag‘larning moliya yili yakuniga qadar ishlatilmay qolgan budjet mablag‘lari;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Xalq ta'limi vazirligiga bir oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi:

  • birinchi sinf o‘quvchilari hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida ta'lim oladigan nogiron bolalar uchun beriladigan o‘quv qurollari to‘plami bilan tekin ta'minlash tartibi;
  • kam ta'minlangan oilalarga mansub 1-11 sinf o‘quvchilarini maktab formasi to‘plamlari bilan tekin ta'minlash tartibi.
Top