12:24 / 10.05.2021
894
Tog‘lar orasidagi Qiziltom maktab filialiga ijara puli to‘langan kitoblar hamon yetkazilmagan

Qashqadaryo viloyat Qamashi tumani hokimi axborot xizmatining xabar berishicha, hokim Botir Tog‘ayev tuman markazidan 90 km uzoqlikdagi Qiziltom qishlog‘ida sayyor qabul o‘tkazgan.

Sayyor qabulda ko‘plab murojaatlar qatorida maktab o‘qituvchilari va ota-onalar maktab uchun o‘quv darslik kitoblari berilmaganidan shikoyat qilishgan.

«Qishlog‘imizda 46-maktab filiali faoliyat yuritadi. 105 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. O‘qituvchilardan kitob ijarasi uchun deb, pul ushlab qolishdi. Shunga qaramay o‘quv yili yakunlanib borayaptiki, boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv kitoblar yetib kelmadi. Yuqori sinflar uchun ham sanoqli kitoblar kelgan», - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nilufar Xudoyqulova.

Ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida, qishloqda 83 ta xo‘jalik istiqomat qiladi. Oktabr oyidan yog‘ingarchilik mavsumi boshlanadi va qishda 1,5 metrgacha qor yog‘adi. Aprel oyidan qor eriy boshlaydi. 
 

Top