15:03 / 11.05.2021
45023
Italiyaning Eldor Shomurodov ko‘chib o‘tgan Jyenoa shahriga avtomobilda sayohat (foto)

Italiyaning Turin shahridan 185 kilometr masofa janubda joylashgan, O‘rta Yer dengizida XIII-XVI asrlarda eng muhim port-shahar maqomini qo‘lga kiritgan Jyenoa (italyanchada «Genova») shahriga bo‘lgan sayohatimiz Toyota «Yaris» rusumli gibrid (elektr+benzin) avtomashinani bir kunga ijaraga olishdan boshlandi.

Agar siz ham Turin shahrida oson avtomobil ijaraga olishni istasangiz, ushbu servisni taklif qilaman: noleggiare.it

Jyenoa haqida qisqacha

Liguriya viloyatining poytaxti bo‘lmish Jyenoa shahri qadimdan Italiya va butun jahon uchun muhim port sifatida xizmat qilib kelgan. Kattaligi bo‘yicha 6-o‘rinda turadi, shaharda va shaharga yaqin zonalarda 1,5 million kishi istiqomat qiladi. Shahardagi port Italiyada eng band, Yevropa Ittifoqida esa o‘n ikkinchi eng band port hisoblanadi. Butun dunyo taniydigan mashhur sayohatchi, Amerika qit'asiga Yevropadan birinchilardan bo‘lib qadam bosgan Xristofor Kolumb ham Jyenoa shahrida tavallud topgan.

Tashrif buyurish shart bo‘lgan manzillar (must-visit places)

Piazza De Ferrari — De Ferrari maydoni

2,5—3 soatlik yo‘ldan so‘ng birinchi bo‘lib shaharning yuragi bo‘lmish De Ferrari maydoniga kirib bordik. Maydon markazini 1936 yilda qurib bitkazilgan bronza favvora bezab turibdi. Bu yerda yana 1920 yilda qurilgan Liguriya viloyatining administrativ ofislari (Palazzo della Regione Liguria), qimmatli qog‘ozlar yangi ofisi, (Palazzo della Nuova Borsa), Liguriya san'at akademiyasi (Accademia Ligustica di Belle Arti) va Karlo Felich teatri (Teatro Carlo Felice) joylashgan. GENOVA deb nomlangan metall ijod asari ushbu joyni o‘ziga xos «instagrambop» maskanga aylantirgan.

Mura di Genova – Jyenoa devorlari

Porta Soprana

XII asrda qurilgan devorlar shahar uchun qo‘rg‘on vazifasini o‘tagan va o‘rta asrlarda shaharni turli hujumlardan ham himoya qilgan. Eng mashhur eshigi – Porta Soprana (Santa Andrea minorasi) bo‘lib, undan bir necha qadam narida Xristofor Kolumb tug‘ilib o‘sgan uy joylashgan. Uy XVIII asrda qayta ta'mirdan chiqarilib, hozirgi kunda muzeyga aylantirilgan.

Duomo di Genova — Jyenoa cherkovi

Yevropada xristian dini keng tarqalgani bois ko‘plab yirik shaharlarda ayrim cherkovlar muzey sifatida ham faoliyat yuritadi. Ayniqsa, Barselona shahridagi Sagrada Familia, Milan shahridagi Duomo di Milano shular turkumidan. Jyenoada ham shu kabi cherkov bor ekan. U Duomo di Milano deb ataladi va o‘ziga xos tashqi dizaynga ega. Cherkov oldidagi maydon asosan turistlar bilan gavjum bo‘lib, u yerda ko‘plab kafe va restoranlar joylashgan.

Via Garibaldi ko‘chasi – tor ko‘chalar

Via Garibaldi shaharning eng asosiy maishiy va tijoriy ko‘chasi hisoblanadi. Bu ko‘chadagi har bir bino o‘ziga xos arxitekturaga ega bo‘lib, qanchalik madaniy merosga boy ekanini ko‘rsatadi. Ko‘cha bo‘ylab Palazzo di Strada Nuova (uyg‘onish davri yodgorliklari muzeyi), Palazzo Doria Tursi (dekorativ san'at muzeyi) va yana ko‘plab tarixiy obidalar joylashgan. E'tiborimizni tortgan jihati, shahar bo‘ylab joylashgan binolar orasi juda ham tor bo‘lib, 1-2 kishi zo‘rg‘a harakatlanadigan qilib qurilgan.

Caravelle, Piazza della Vittoria — Caravelle bog‘i va G‘alaba arkasi

Caravelle
Piazza della Vittoria

Juda ham band shaharning qoq markazida barpo etilgan Caravelle bog‘i tepalik shaklida joylashgan bo‘lib, eng yuqori nuqtasida shaharning Piazza della Vittoria – G‘alaba arkasi joylashgan qismini panorama tarzida ko‘rish imkonini beradi.

Boccadasse – Boccadasse qishlog‘i

Avvallari dengizchilar qishlog‘i bo‘lib xizmat qilgan Boccadasse hozirda o‘zining kichik plyaji, qirg‘oq bo‘ylab joylashgan restoranlari, rang-barang qadimiy uylari bor.

Shuningdek, Patanegra Boccadasse restorani tomidan ko‘rish mumkin bo‘lgan panorama sababli Jyenoa shahri tashqarisidagi eng muhim turistik zonalardan hisoblanadi. Bu joyni ortiqcha ta'riflab o‘tirish shart emas, shunchaki quyidagi rasmlarda tomosha qiling.

Jyenoadagi o‘ziga xos topilmalar

Albatta, har bir sayohat davomida inson yangi narsalar, o‘sha joy haqida ko‘plab qiziqarli ma'lumotlar oladi. Ayrim holatlar esa kishini ajablantirib ham qo‘yadi. Quyida o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmaguncha ishonish qiyin bo‘lgan «topilmalar» galereyasini tuzishga qaror qildim.

1. Jyenoa metrosi. Odatda port shaharlarda yerosti transportini qurish va ishga tushirish birmuncha qiyin bo‘ladi. Lekin Jyenoa uchun bu muammo emas ekan.

Jyenoa metro bekatlaridan biri

2. Kafe va restoranlar. Jyenoada oziq-ovqat servis sohasi juda yaxshi rivojlangan ekanki, har qadamda kafe yoki restoran uchraydi. Ular shunchalik ko‘pki, hatto ayrim o‘tirish joylari devorlarda joylashgan.

Qolaversa, dengiz bo‘yida ovqatlanishingiz ham mumkin.

Devordagi o‘tirish joylaridan biri
Dengiz bo‘yidagi ovqatlanish manzillaridan biri

3. Videokassetalar. Shahar ko‘chalarida hamon eski videokassetalar sotayotgan sotuvchilarga ko‘zingiz tushadi. Albatta, ushbu lahzani ham rasmga muhrladim.

Videokassetalar rastasi

«Jenoa» futbol klubi va Eldor Shomurodov

Jyenoa shahriga bo‘lgan sayohatimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad, barchamiz muxlislik qilishni boshlab yuborgan Italiya A seriyasidagi (eng qari jamoa 1893 yilda tashkil topgan) – «Jenoa» futbol klubi hujumchisi, hamyurtimiz Eldor Shomurodov bilan ko‘rishish va u bilan birga iftorlik qilish edi. Eldor Turin shahriga ikki marta kelib ketishga ulgurgan bo‘lsa-da («Torino» va «Yuventus» futbol klublariga qarshi o‘yinlarda) uni hech ham ko‘rish nasib qilmagandi.

Eldor sodda, samimiy va juda mehmondo‘st o‘zbek farzandi ekan. U bizni o‘zi yashab turgan uy eshigi oldida kutib oldi. So‘ngra uyi atrofi bo‘ylab biroz aylandik. Shaharda uni ko‘pchilik taniydi, juda ko‘pchilik bizga (ayniqsa, Eldorga) uzoq termilib qarardi, lekin (balki) yuziga niqob taqqani uchun o‘ylanib qolishardi. Ayniqsa, Italiya A seriyasining oxirgi turlaridan birida «Latsio» jamoasi darvozasiga urgan golidan so‘ng ko‘pchilikning mehrini va ishonchini qozondi. Hozirda uning hisobida A seriyada 5 ta gol mavjud.

Shomurodov bilan asosan o‘zbek futboli, qanday qilib Mash'aldan Rostov jamoasiga, undan so‘ng Jyenoaga kelgani, Italiyadagi hayoti haqida suhbat qurdik. Aytishicha, bu yerdagi hayotga tez ko‘nikkan, chunki klubda unga juda yaxshi muomala qilishadi. Deyarli har kuni mashg‘ulotlarga qatnaydi, italyan tilida so‘zlashishni allaqachon boshlab yuborgan. Hozirda oilasi ham u bilan birga yashaydi.

Albatta, uning futbolkasi bilan fotosessiya qildik!

Eldor Shomurodov bilan

Kun oxirida esa iftorlik dasturxoni yozildi.

Shunday qilib, Liguriya viloyati poytaxti, hamyurtimiz sharafini himoya qilayotgan Jyenoa shahriga bo‘lgan bir kunlik sayohat mana shunday yuqori notada o‘z nihoyasiga yetdi. Keyingi sayohatlarda ko‘rishguncha, arrivederci tutti!

Nodir Yusufov,
UzbekLife’ning Italiyadagi kolumnisti

Top