20:27 / 11.05.2021
7868
«Mamlakat ilmi uchun buni hamma tushunishi kerak» - Scopus bazasidan chiqarilgan jurnallarga o‘zbek olimlari eng ko‘p maqola yuborgan

O‘zFA Matematika instituti direktor o‘rinbosari G‘olibjon Botirov 2020 yilda Scopus ma'lumotlar bazasidan chiqarib yuborilgan jurnallarga eng ko‘p o‘zbek olimlari tomonidan maqolalar yuborilgani, olim uchun, avvalo, o‘z tadqiqot natijalarini chop etadigan ishonchli jurnallarni ajrata olish muhimligi haqida so‘z yuritdi.

2020 yil sarhisobi bo‘yicha Scopus ma'lumotlar bazasi bir qator jurnallarni o‘z tarkibidan chiqarib yuborgan. Sababi, bu jurnallar Scopus talablarini bajara olmagan.

Olimning ta'kidlashicha, eng achinarlisi, o‘sha jurnallarda eng ko‘p o‘zbek olimlari tomonidan maqolalar nashrga berilgan. Buning oldini olish uchun olimlarimizga yaxshi ilmiy jurnallar tanlay olishni o‘rgatishimiz kerak.

– Bundan tashqari, oliy ta'lim tizimidagi ba'zi talablarni olib tashlash kerak. Hozir shunday tendensiya ketyaptiki, qisqa muddatda tezlikda maqola chiqartirish talabi qo‘yilyapti, bu noto‘g‘ri talab. Chunki o‘z nufuziga ega jurnalga maqolani o‘tkazishga kamida 3 oy vaqt ketadi. Tezlikda maqola chiqarish ilmiy jarayonni o‘stirmaydi. Mamlakat ilmi uchun bu dahshatli belgini hamma tushunishi kerak, – deya qayd etdi Matematika instituti direktor o‘rinbosari.

Yaxshi jurnal qanday farqlanadi?

Shuningdek, G‘olibjon Botirov yosh olimlarga yaxshi ilmiy jurnallarni qanday farqlash kerakligi borasida qo‘shimcha ma'lumot berib o‘tdi.

– Olimlarimiz ko‘pincha yaxshi jurnallarni ajrata olishmaydi. Buni qanday farqlash kerak? Ilmiy jurnallarning ayrimlarida maqola chiqartirish uchun majburiy to‘lov undiriladi; ba'zisida maqola chiqqandan so‘ng maqola dostupi ochiq bo‘lsa, pul to‘lanadi, yopiq bo‘lsa, yo‘q.Yana bir tur jurnallar borki, unda maqola chop ettirilsa, muallifga qalam haqi to‘lanadi. Yoshlar bilan uchrashganimizda ko‘p ta'kidlaymiz, iloji boricha bepul jurnallarni topish kerak.

Oliy ta'limda ilmiy jurnallar borasida ijobiy o‘zgarishlar ham qilinyapti. Masalan, 41 ta jurnal uchun alohida platforma yaratildi, – dedi Matematika instituti direktor o‘rinbosari.

Top