08:13 / 11.05.2021
3904

Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tarkibi;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash to‘g‘risida nizom.
  • Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Idoralararo kengash raisi hisoblanadi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi - uning ishchi organi.

Nizom Idoralararo kengashning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, uning faoliyati tartibi, shuningdek uning samaradorligiga doir talablarni belgilaydi.

Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lig‘ini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini ta'minlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta'lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga ko‘maklashish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etish.
Top