14:41 / 11.05.2021
837
“Quvasoy sement zavodi”ning eski quvurlardan foydalanishi aholi e'tiroziga sabab bo‘ldi. Zavod mas'ullari izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Quvasoy sement zavodidan kuchli chang chiqib, shahar bo‘ylab odamlarni zaharlayotgani uchun Quvasoy aholisi bundan shikoyat qilib chiqishmoqda” sarlavhasi bilan videotasvir e'lon qilingan. Videotasvirdagi shikoyatni mas'ullar tan oldi. Zavod uskunalari 1950-yillarda ishlab chiqarilgan. 

2021 yilning 8 may kuni  “Quvasoysement” AJning majlislar zalida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Quvasoy shahar nazorat inspeksiyasi mutasaddi rahbarlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan.

Anjumanda sement zavod mas'ullari berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi. Jumladan, internet tarmoqlarida tarqalgan videomurojaat bo‘yicha bo‘lim boshliqlari Alisher Ahmedov va Alisher Isamadiyarov quyidagilarni ma'lum qilgan. 

Ta'kidlanishicha, zavod uskunalari juda eski bo‘lib, 1950-yillardagi quvurlardan foydalanib keladi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda 4 ta quvurning  filtr xizmat ko‘rsatish muddati tugab, changni to‘liq me'yorda ushlash funksiyasi talab darajasida ishlamoqda hamda oxirgi chorakda vaqti-vaqti bilan gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar sababli me'yoridan ortiq chang atrofga tarqamoqda. Buning uchun amaldagi qonun hujjatlariga  asosan korxona tomonidan davlatga ortiqcha boj to‘lanib kelmoqda. 

Shuningdek, “Quvasoysement” AJ mas'ullarining ma'lum qilishicha, so‘nggi yillarda Rossiya Federatsiyasidan yangi elektron filtr uskunasi olib kelinib, 1-quvurga o‘rnatilgan. Hozirda 4 ta quvurga ham filtr o‘rnatish rejalashtirilmoqda. 

Zavod rahbariyati mavjud vaziyat e'tiborga olinib, tez kunlarda ushbu muammolar hal qilinishini bildirgan. Biroq anjumanda ishtirok etgan OAV xodimlarining “Korxonaning sanitariya himoya mintaqasi necha metrni tashkil qiladi va ushbu masala bo‘yicha qanday ishlar bajarilmoqda?” degan savollari ochiq qoldirilgan. 

Top