09:02 / 11.05.2021
1727
Samarqandda gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan issiqxona egasiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona faoliyati fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro M.M. o‘ziga tegishli yer uchastkasida issiqxona tashkil qilib, gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, tabiiy gazdan foydalanib kelgani aniqlangan. Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar natijasida u «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti hududiy filiali manfaatlariga 70,7 million so‘m zarar yetkazgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top