15:18 / 11.05.2021
13039

Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i chet tilini o‘qitishdagi 3ta asosiy muammoni aytdi

Ta'lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida chet tillarini o‘qitishdagi muammolar haqida gapirdi va ularni hal etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Ta'lim inspeksiyasi Finlandiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda xorijiy tillarni o‘qitish tajribasini o‘rganish olib bormoqda. Unda bevosita chet tillarini sifatli o‘qitish ishlari o‘rganilmoqda.

Shuningdek, inspeksiya tomonidan milliy ta'lim tizimida chet tillarini o‘qitish borasida mavjud muammolar, pedagog kadrlar salohiyati tahlil qilindi.

Aniqlandiki, chet tilini o‘qitishda 3 ta asosiy muammo mavjud:

  •  birinchidan, o‘qituvchilar malakasining yetishmasligi;;
  •  ikkinchidan, metodika eskirgan;
  •  uchinchidan, o‘quv va ta'lim dasturlarining zamon talablariga moslashmayotganligi.

Finlandiya va Janubiy Koreyada ham 30–40 yil davomida shunday muammolar bo‘lgan va ular bu muammoning yechimi sifatida 3 yo‘nalishda ishlashgan:

1. O‘qituvchilarning malakasini oshirish, uning jamiyatdagi obro‘sini va kasb sifatida jozibadorligini ko‘tarishga katta e'tibor berishgan.

2. Chet tilini o‘qitish metodikalarini jahonda e'tirof etilgan va sinalgan metodikalar asosida takomillashtirishgan.

3. Ta'lim dasturlari zamona talabi va eng yaxshi xorijiy tajribalar asosida takomillashtirilgan hamda sohada sog‘lom raqobat bo‘lishi ta'minlagan.

Shundan kelib chiqib, biz bir nechta taklifni ilgari suryapmiz:

1. Uzluksiz ta'lim tizimida chet tillari o‘qituvchilarining malakasini oshirish ishlarini va kasbiy rivojlanishining uzluksiz vertikal tizimini joriy etish lozim.

Bunda birinchi navbatda malaka oshirishda o‘qigan har bir o‘qituvchi minimal talabga erishishiga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq. O‘qituvchilar mustaqil rivojlanishi va malaka oshirishlari bo‘yicha ochiq resurslarni yaratish va ularni yagona platformaga joylashtirish lozim. 

O‘qituvchilarga kuchli ustozlarni biriktirib, til o‘rganishni doimiy jarayonga aylantirish kerak. Ushbu maqsadda chet tili o‘qituvchilarining metod kuni hisoblanmish juma kunlari tajribali o‘qituvchisi bor tayanch maktablar bazasida uzluksiz malaka oshirish kurslarini tashkil etish kerak. Bu jarayonga Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransiya Alyansi, KOICA, JAICA kabi xalqaro tashkilotlar va nodavlat sektorni jalb etish maqsadga muvofiq.   

2. Xususiy sektor tajribasini malaka oshirish institutlari va maktablarga joriy etish. Xususan, xalqaro darajada tan olingan tilga o‘rgatish dasturlaridan foydalanish, o‘yinga asoslangan til o‘qitish metodikalaridan foydalanish, tilni mustaqil o‘rganish imkonini beradigan dasturiy ta'minotlardan foydalanish ko‘nikmasini oshirish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, xususiy sektor, prezident maktablari va Finlandiyaning xorijiy tilni o‘qitish bo‘yicha tajribasini keng yoyish lozim va xususiy sektor xizmatlarini hamyonbop qilish kerak. Sababi davlat ta'lim muassasalari qila olmagan ishni ayrim joylarda xususiy sektor samarali va sifatli bajarmoqda. Bunda prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, ta'lim muassasalarida chet tili o‘quv kurslarini shartnoma asosida bo‘lsa ham, o‘quvchi - talabalar va o‘qituvchilar uchun tashkil etish mumkin.

Shuningdek, chet tillari o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish lozim. Bu tizimga xorij tajribasi yetarli darajada kirmayapti, eski metodika bo‘yicha o‘qitilyapti. Chet tillari bo‘yicha o‘qituvchilar tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalari talabalarining aksariyati chet tilini o‘quv markazlaridan borib o‘rganmoqda.

Chet tillari universitetlarida ta'lim muhiti boshqalardan farq qilishi, muloqot chet tilida bo‘lishi, til muhiti yaratilishi lozim va barcha fanlarni o‘rganayotgan chet tili tilida o‘tilishi kerak. Bu borada xususiy va xorijiy oliy ta'lim muassasalari tajribalarini butun oliy ta'lim tizimiga yoyish lozim.

3. Oliy ta'lim tizimida to‘liq chet tilida o‘qitiladigan bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish lozim.

Bu nafaqat til biladigan kadrlar tayyorlanishini ta'minlaydi, balki oliy ta'lim tizimi xalqaro jozibadorligini oshirishda ham juda muhim o‘rin egallaydi.

Shuningdek, akademik litseylarda ham chuqurlashtirib o‘tiladigan fanlar chet tilida o‘tilishi iqtidorli o‘quvchilarning iqtidorlarini rivojlantirishda juda muhim, chunki til bilgan o‘quvchi uchun bilim olish manbai kengayadi, til bilan bog‘liq sun'iy to‘siqlar bartaraf etiladi.

4. Chet tilini o‘qitish bo‘yicha xalqaro e'tirof etilgan dasturlar mavjud va ularni ta'lim tizimiga qo‘llashimiz kerak, albatta bunda milliy xususiyatlarni ham inobatga olgan holda. Shuningdek, oliy ta'limga xorijiy til mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha xorijda e'tirof etilgan tayyor dasturlarni joriy etish zarur.

Hozirda Ta'lim inspeksiyasi tomonidan barcha vazirliklar bilan hamkorlikda Finlandiya va xalqaro tajribani o‘rganib, uzluksiz ta'lim tizimi uchun milliy o‘quv dasturini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

5. Institutsional islohotlarni amalga oshirish lozim.

Uzluksiz ta'lim tizimida chet tilini o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirishga mas'ul tashkilotlar bir-biridan mustaqil va tarqoq ravishda ishlamoqda. Ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va xorijiy tilni o‘qitish bo‘yicha yagona siyosat olib boruvchi tashkilotga ehtiyoj mavjud edi. Yangi tashkil etilayotgan agentlik ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishi lozim bo‘ladi.

6. Xorijiy til o‘qituvchilarining professional standartini mehnat bozori talablari va xalqaro tajriba asosida ishlab chiqish va joriy etish zarur.

Professional standart – ta'lim tashkiloti va mehnat bozori o‘rtasidagi bitim bo‘lib, unda mehnat bozori talablari, ya'ni o‘qituvchiga qo‘yilgan bilim, ko‘nikma va malakalar o‘z aksini topgan. Chet tili o‘qituvchisini tayyorlash, malakasini oshirish, qayta tayyorlashning o‘quv dasturlari aynan shu standart asosida ishlab chiqilishi va amaliyotga joriy etilishi lozim.

Prezidentimiz yig‘ilishda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator dolzarb vazifalarni belgilab berdi. Bu bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan chet tillarini o‘qitishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha huquqiy me'yoriy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilmoqda.

Farmon va qarorlar ijrosi sifatli ta'minlansa, mavjud muammolarni hal qilishga va kelgusida mamlakatimiz chet tillarining sifatli o‘qitilishiga zamin yaratadi.

Top