23:32 / 11.05.2021
8227
Turkiya 16 mamlakat turistlari uchun koronavirusga majburiy testni bekor qilmoqda

Turkiya mamlakatga kirish tartibini o‘tgan yilning 28 dekabrida qat'iylashtirgandi.

Foto: Ibrahim Oner / SOPA Images/Sipa/Legion Media

Turkiya 15 maydan 16 mamlakat turistlari uchun mamlakatga kirishda koronavirusga majburiy PZR-test talabini bekor qilmoqda. Bu haqda Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, «Interfaks» xabar berdi.

Turkiya tashqi ishlar vazirligiga yo‘llangan maktubga ko‘ra, may o‘rtalaridan Xitoy, shuningdek, Hongkong va Tayvan, Vetnam, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Lyuksemburg, Ukraina, Singapur, Estoniya, Tailand, Buyuk Britaniya, Isroil, Latviya va Yaponiya fuqarolaridan mamlakatga kirishda PZR-test natijasi talab qilinmaydi.

Turkiya mamlakatga kirish tartibini o‘tgan yilning 28 dekabrida qat'iylashtirgandi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja aviatsiya transporti orqali chegarani kesib o‘tayotgan barcha yo‘lovchilar koronavirusga topshirgan PZR-testi natijasi manfiy chiqqani to‘g‘risidagi ma'lumotnomani taqdim etishi shartligini aytgandi. Uning ta'kidlashicha, test parvozdan ko‘pi bilan 72 soat avval topshirilgan bo‘lishi lozim.

Bu talab mart oxirigacha amal qilishi rejalashtirilgandi, so‘ngra u 26 maygacha uzaytirildi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top