07:55 / 11.05.2021
3233
Vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi
Foto: Maksim Shemetov/TASS

Ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan O‘zbekiston ichki ishlar organlari vaqtincha saqlash hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat 2020 yil 15 oktyabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun, prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2019 yil 21 maydagi «Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, vaqtincha saqlash hibsxonalarida (VSH) saqlanayotgan shaxsning ovqat yeyishni rad etgani fakti aniqlanganda VSH boshlig‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs zudlik bilan bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organni, shuningdek prokurorni xabardor qilishi shart (ilgari xabardor qilish vazifasi navbatchi zimmasiga yuklangan).

Ikkinchidan, ariza, taklif va shikoyatlarni vakolatli davlat organlariga yuborish vaqti belgilandi (ilgari – olingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay yuborilgan). Sud, prokuror, himoyachi yoki VSHlarni tekshirish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yo‘llangan ariza, taklif va shikoyatlar senzuradan o‘tkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda oluvchilarga yuboriladi yoki topshiriladi. Telegrammalar darhol yuboriladi. Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa ma'muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga 24 soatdan kechiktirmay yuboriladi. Ombudsman va Vakilning javobi ko‘zdan kechirilishi mumkin emas hamda arizachiga darhol yetkazib beriladi.

Uchinchidan, taqiqlangan buyumlar va oziq-ovqatlar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, ushbu ro‘yxatga sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolar kiritildi.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.

Top