16:12 / 12.05.2021
7349
4 oyda O‘zbekistonga qariyb 2 mlrd dollar jo‘natildi

Joriy yilning dastlabki 4 oyi davomida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50 foizga oshdi.

Markaziy bank 2021 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalarining hajmi haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan 4 oy davomida O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan qariyb 1,99 mlrd. dollar mablag‘ yuborilgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 663 mln. dollar yoki 50 foiz, 2019 yilning mos davriga nisbatan esa 34 foizga oshgan.

Shu bilan bir qatorda, chet elga yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari miqdori 478 mln. dollarga yetgan.

Natijada, 2021 yilning yanvar-aprel oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo qariyb 1,52 mlrd. dollarni tashkil etmoqda.

Bundan avval, yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan 1,42 milliard dollar pul jo‘natilgani, xorijga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari esa 353 million dollarga yetgani xabar qilingandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilda respublikaga kelib tushgan xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 6,03 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 17 million dollarga yoki 0,3 foizga oshgan.

Top