19:08 / 12.05.2021
36231
Ai-80 benzini qimmatlashdi: sabablar va kutilmalar

So‘nggi ikki haftada Ai-80 markali avtomobil benzini narxi ko‘tarildi. Narx o‘rtacha 4,3 foizga oshgani aytilmoqda.

Foto: TASS

O‘tgan 3 yil ichida dunyoda Brent neftining narxi va unga nisbatan Ai-80 benzinining narxi shakllanishiga oid qisqacha raqamlar quyidagicha:

2019 yil dekabrda jahon bozorida Brent neftning narxi 65 dollar, O‘zbekistonda Ai-80 benzini esa 4500 so‘m (0,47 dollar) edi. Pandemiya davrida esa brent neftning narxi ikki barobar arzonlashi (30 dollar) natijasida, Ai-80 benzini narxida ham tushish kuzatildi (4000 so‘m). Biroq 2020 yil oxirida narx yana ko‘tarildi. Brent – 47 dollar. Ai-80 – 5000 so‘m (0,48 dollar).

2021 yil may oyida esa jahon bozorida Brent nefti 68 dollar, O‘zbekistondagi AYoQShlarda Ai-80 markali benzin 5800 so‘m (0,55 dollar)dan sotila boshlandi.

Kun.uz Tovar-xomashyo birjasidan olgan ma'lumotga ko‘ra, so‘nggi 2 hafta ichida benzin narxi oshishi – sotuvchi kompaniyalar boshlang‘ich narxni ko‘targani bilan izohlanadi.

«So‘nggi 2 haftada, ya'ni 2021 yilning 26 aprelidan 5 mayigacha bo‘lgan davrda sotuvchi korxonalar 80 markali avtomobil benzinining boshlang‘ich narxini mahsulotning bir tonnasi uchun o‘rtacha 6361,8 ming so‘mdan 6635,2 ming so‘mgacha, ya'ni 4,3 foizga oshirgan.

Mos tarzda birja savdolari bo‘yicha narxlar ham 4,3 foizga oshib, mahsulotning bir tonnasi uchun 6635,5 so‘mni tashkil qildi. O‘sish auksion evaziga amalga oshmadi. Ushbu davrda birja savdolariga qo‘yilgan benzinning atigi 37 foizi sotilgan.

Faqatgina 6 mayda o‘tkazilgan birja savdolarida biroz talab ko‘tarildi va narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6715,8 ming so‘mni tashkil qildi», – deyiladi UzEx sharhida.

2020 yil 1 maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yonilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yonilg‘isi) neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan faqat birja savdolari orqali sotila boshlangan edi.

Rasmiy tartibga ko‘ra, sotuvchi korxonalar avtomobil benzini uchun boshlang‘ich narxni erkin va mustaqil ravishda o‘rnatishadi. Birja savdolari esa mana shu boshlang‘ich narxlardan boshlanadi.

Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2021 yilning 1-choragida avtomobil benzini 291,3 ming tonna ishlab chiqarilgan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan atigi 3 foiz ko‘proq degani.

Taqqoslash uchun, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslar egalik qiladigan avtotransport vositalari soni bir yil oldingiga nisbatan 12,7 foizga oshib, 2 955 295 taga yetgan.

Ayni paytda, benzin importi oshib bormoqda. Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, birgina joriy yilning 4 oyida (207,5 mln litr) o‘tgan yilning 9 oyiga (90,1 mln litr) nisbatan 2 barobar ko‘proq benzin import qilingan.

O‘zbekistonliklar egalik qiladigan avtoulovlar soni 12 foizga, avtobenzin importi esa 2 barobarga oshgani mamlakatda benzin narxi oshishiga mahsulot tanqisligi sabab emasligini ko‘rsatadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston avtomobil benzinini asosan Rossiya (jami importning 59 foizi), Turkmaniston (34 foiz) va Qozog‘iston (7 foiz) mamlakatlaridan import qiladi.

Jahon bozorida holat qanday?

Benzin narxi oshishining birlamchi omili – jahon bozorida narxlar oshgani. O‘tgan haftaning oxirida Londonning ICE (Intercontinental Exchange Futures) birjasida Brent neftining narxi 0,31 dollarga ko‘tarilib, 68,40 dollarni tashkil qildi, NYMEX (Nyu-York tovar birjasi)da Light neftining narxi 0,28 dollarga oshib, 64,99 dollarni tashkil etdi.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) aprel oyi oxirida chop etgan Global energetika sharhiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab neftga bo‘lgan talab 2020 yilda 8,5 million barrelga pasaygan, 2021 yilda 5,4 million barrelga o‘sishi kutilmoqda.

Havo qatnovlarida saqlanib qolayotgan cheklovlarga qaramay, 2021 yilda aviatsiya yoqilg‘isi iste'moli 17 foizga o‘sadi, ammo talab (iqtisodiy) inqirozgacha bo‘lgan davrdan 30 foizga kam bo‘ladi.

Dunyo bo‘yicha benzinga bo‘lgan talab 2020 yilda 3 million barrelga pasaygan va 2021 yilda u 1,8 million baravarga ko‘tariladi.

Narxlar borasida eng tezkor qaytish dizel yonilg‘isida bo‘ladi. Dizel iste'moli 2020 yilda atigi 1,8 million baravarga kamaydi va 2021 yilda 1,5 million baravarga o‘sadi.

Neftning eng katta iste'molchi mamlakatlaridan biri Xitoy inqirozni nisbatan yaxshi bosib o‘tdi. 2020 yilda uning talabi 2019 yildan-da yuqori bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida, benzin narxi oshishi asosan jahon bozorida talab tiklanayotgani bilan bog‘liq. Yetakchi mamlakatlarda emlash tadbirlari asnosida iqtisodiyot qayta oyoqqa turib, aviaparvozlar soni oshayotgani hisobga olinsa, narx arzonlashishini kutish uchun asoslar deyarli yo‘q.

Bunday sharoitda hukumat ichki bozordagi benzin narxini pasaytirish uchun sohada raqobatga kengroq yo‘l berishi, neft-gaz sohasidagi loyihalar samaradorligiga erishishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib ko‘rinmoqda.

Madina Ochilova

Top