13:35 / 12.05.2021
661
DXX 2 mlrd so‘mlik dori vositalari kontrabandasiga chek qo‘ydi

DXX Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan Respublika hududiga aylanma yo‘llar orqali olib kirishga urinilgan 2 mlrd so‘mlik dori vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan  va 1962 yilda tug‘ilgan fuqarolarning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilgan. 
Natijada ulardan hech qanday tegishli hujjatlari bo‘lmagan 51 turdagi umumiy qiymati 1 mlrd 300 mln so‘mlik dori vositalari protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, ushbu dori vositalari qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan viloyat hududiga Yangiqo‘rg‘on tumanidagi aylanma yo‘llar orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilgan.

Shuningdek, Chust tumani “Yuqori G‘ova” mahallasida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro 67 turdagi umumiy qiymati 700 mln so‘mlik dori vositalarini avtomashinada Qo‘qon shahriga olib ketayotgan vaqtida Pop tumani hududida to‘xtatilib, undan dori vositalari tegishli tartibda olib qo‘yilgan.

U mazkur dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasining Ola-buqa tumanida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan shaxsdan olib, aylanma yo‘llar orqali respublika hududiga o‘tkazgan. 

Hozirda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Namangan viloyati hududiga qo‘shni Respublikadan noqonuniy dori vositalari olib kirishga urinish holatlari kuzatilgan.

Top