15:45 / 12.05.2021
34109
«Ekologiyani Ekologiya qo‘mitasi raisidan asrash kerak bo‘lyapti» - Deputat qo‘mita raisidan tushuntirish talab qildi

Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovning ruxsatnomasi bilan «Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq Toshkent viloyati hududida rossiyalik ovchi tomonidan o‘ldirilishi jamoatchilikning keskin e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, ommaviy muloqot tarmoqlarining ko‘plab foydalanuvchilari Alisher Maqsudovning qo‘mita raisligidan iste'fo berishini so‘ramoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

U lavozimga qo‘yilishida ekologiyani saqlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirilgan Alisher Maqsudovdan ekologiyaning o‘zini asrash kerak bo‘layotganini ta'kidlab o‘tgan.

«Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi «Qizil kitob»ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni otishga ruxsat berdi.

Faollarning bidirishicha, Qo‘mita raisining imzosi bilan 2 dona O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga Rossiya Federatsiya fuqarosi Shirokovga ruxsatnoma berilgan.

Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman inspeksiyasida №4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro‘yxatga olingan.

Ovchi, Rossiya Federatsiya fuqarosi Shirokov esa Bo‘stonliq tumanida 1 dona qo‘ng‘ir ayiqni otib, u bilan vahshiylarcha suratga tushgan.(Uning yana bitta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga ruxsatnomasi bor).

Mazkur turdagi ayiqlar atigi 150 dona atrofida qolgandi. Bu ketishda birortasi qolmaydi.

Ekologiya qo‘mitasining vazifasi hayvonot va o‘simliklar dunyosini asrashdan iborat. Lekin bu ish hammasining aksini ko‘rsatyapti. Qo‘mita rahbarining o‘zi ashaddiy brakoner va brakonerlikni qo‘llab-quvvatlaydigan shaxs ko‘rinadi.

Afsus bu kishini Qonunchilik palatasida ushbu lavozimga tasdiqlashda ekologiyani saqlashga hissa qo‘shsa kerak, degan fikr bor edi. Endi esa ekologiyani u kishining o‘zidan asrash kerak bo‘lyapti.

Bu masalada parlament nazorati kerak nazarimizda. Qo‘mita raisi tushuntirish berishi lozim.

Bizda ekologiyani asrash borasidagi xavotirlar ortib bormoqda. Savollar ko‘p», – deb yozdi deputat.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Qizil kitob»ga kirgan qo‘ng‘ir ayiqni otib o‘ldirgan rossiyalik ovchi masalasida bayonot berdi. Unda «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni otish uchun har yili kvota tasdiqlanishi va otishga ruxsat berilgani evaziga davlat budjetiga to‘lov undirilishi ma'lum qilingan.

Shuningdek, «Shov-shuv ko‘tarishga intilish oqibati» deb sarlavha qo‘yilgan bayonotda bu mavzuni yozgan ekolog va OAV vakillari noxolislikda ayblanib, bunday harakatlar uchun jazo borligi haqida ogohlantirilgan.

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudayberdiyev esa telegramdagi kanalida qo‘mita matbuot xizmati bayonoti o‘ta noprofessional tarzda berilganini qayd etgan.

«Lekin Qo‘mita shu uzundan-uzun bayonotida jurnalistlarga mag‘zava ag‘darguncha, nima uchun «Qizil kitob»ga kiritilgan hayvonlarni otishga ruxsat berilishi, bundan ko‘zlangan maqsad nimaligi, noyob hayvonlarni umuman ovlamasdan, ularni yanada ko‘paytirsa nimalar bo‘lishi, yillik kvota nimaga qarab belgilanishi, ruxsatnoma uchun bir necha ovchilar talabgor bo‘lganda aynan qaysi asosga ko‘ra nomzodlar tanlanishi, bu jarayonda korrupsion elementlarning qanday oldi olingani («Qizil kitob»dagi hayvonning ruxsatnomasi uchun falon pul pora berilishi ham mumkin-da) haqida ma'lumot yozishganida foydaliroq bo‘lardi.

Bundan tashqari Qo‘mita ovchilar noyob va «Qizil kitob»ga kirgan hayvonlarni ovlagach, shunaqa qon izlari bilan rasmlarni tarqatishi mumkinmi yoki yo‘qmi, bu hayvonot olamiga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, qolganlarni ham noyob hayvonlarni ovlashga undash bo‘lib qolmaydimi, ovchilar bunday rasmlarni tarqatish orqali aholi, ayniqsa yoshlar psixologiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydimi, shular haqida munosabat bildirsa yaxshi bo‘lardi.

O‘zi umuman davlat organlari berayotgan ko‘plab bayonotlar asosiy masala bir chetda qolib, jurnalistlarga aql o‘rgatish, ularga bilvosita tahdid qilish mazmunida bo‘lib qolyapti. Bu noto‘g‘ri amaliyot. Masalaga, tug‘ilgan savollarga izoh berish kerak, bo‘ldi. Agar jurnalist qonunni buzgan deb hisoblasangiz, ana sudga yoki tegishli organlarga shikoyat bering, ko‘rib chiqishsin, lekin o‘zingiz qozilik qilmang.

Bunaqa bayonotlar asosan jurnalistlarni do‘st emas, o‘ziga dushman deb biladigan tashkilotlardan chiqadi», deyiladi postda.

Top