08:04 / 12.05.2021
4272

Ma'muriy qamoqqa olinganlar bilan uchrashish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati yangilandi

Ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat prezidentning 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, ma'muriy sudlarning ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan qoidalarning 12-bandiga (ma'muriy qamoqqa olingan shaxsni maxsus qabulxonaga joylashtirish uchun asos bo‘ladigan hujjatlar ro‘yxatiga) o‘zgartirishlar kiritildi.

Ikkinchidan, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar bilan uchrashish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati yangilandi. Endi ular bilan quyidagi shaxslar uchrashishlari mumkin (ilgari – ro‘yxatga yaqin qarindoshlar yoki himoyachi sifatida chiqadigan qonuniy vakillar kiritilgan):

  • advokati;
  • qonuniy vakili;
  • qarindoshi yoki boshqa shaxs.

Uchinchidan, maxsus qabulxonalarda saqlanishi va foydalanilishi taqiqlangan buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, ushbu ro‘yxatga inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli hamda jinoyat quroli sifatida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan tig‘li, kesuvchi, uchi o‘tkirlangan sanchiladigan kasbiy va xo‘jalik-maishiy ashyolar (pichoq, bigiz, ustara (elektr ustara bundan mustasno), qaychi va boshqalar) kiritilgan.

Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.

Mavzuga oid
Top