17:23 / 12.05.2021
14290
O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi mojaro ishtirokchilarini zo‘ravonlikka chek qo‘yishga chaqirdi
Foto: Mustafa Hassona/Anadolu Agency via Getty Images

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro keskinlashuvi bo‘yicha munosabat bildirib, tomonlarni qon to‘kishni to‘xtatishga chaqirdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Sharqiy Quddusdagi vaziyatning keskin tus olishi sababli chuqur xavotirda ekanligini bildiradi.

Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz.

Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta'minlash zarur, deb hisoblaymiz.

Falastin-Isroil muammosi xalqaro huquq me'yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan avval qabul qilingan rezolyutsiyalar hamda «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etilishi lozim», deyiladi bayonotda.

  • Yaqin Sharq Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda. Quddusdagi al-Aqso masjidida Isroil politsiyasi va falastinliklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan so‘ng G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS guruhi Isroil hududiga raketalar uchira boshladi. Bunga javoban Isroil harbiy havo kuchlari Falastin hududlariga aviazarbalar yo‘lladi. Mazkur hujumlar oqibatida 12 may holatiga ko‘ra, 40 kishi – G‘azoda 35, Isroilda 5 kishi halok bo‘lgan.
Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top