08:37 / 12.05.2021
13177

Qo‘qonlik o‘qituvchi o‘zidan kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lib uni o‘ldirib qo‘ydi

Qo‘qon shahridagi 19-umumta'lim maktabining boshlang‘ich ta'lim o‘qituvchisi L.G. o‘zidan kichik yigit bilan ishqiy munosabatda bo‘lib, uning qotiliga aylandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud ishida ta'kidlanishicha, ayol 2 nafar farzandning onasi bo‘lib, turmushidan ajrashgan. 

L.G. 2019 yil fevral oylarida Odnoklassniki.ru sayti orqali Furqat tumanidan bo‘lgan A. ismli yigit bilan tanishib qolgan. Yigit mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. Oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun hali uylanmagan. O‘qituvchi ayol L.G. o‘zidan kichik A. bilan rashk tufayli janjallashib qolgan.

Bildirilishicha, 2020 yil 3 noyabr kuni A. ayolga bir necha bor telefon qilib, qayerda ekanini so‘rab-surishtirgan. L.G. unga qo‘ng‘iroq qilmasligini aytib, telefonni o‘chirib qo‘ygan. Shu kuni soat 22:00 larda yigit mast holatda uning uyiga kelgan.

Ayol munosabatlarni to‘xtatish maqsadida gaplashib olmoqchi bo‘lganida yigit uni urgan. L.G. uni qo‘rqitib qo‘yish maqsadida qo‘liga pichoq olib, o‘qtalgan. Qasddan urilgan tig‘ yigitning chap oyog‘ini jarohatlagan. Yigit yarim tunda sovuqda jarohatlangan holda ko‘p qon yo‘qotishi natijasida vafot etgan.

Sud tibbiyot ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, marhum A.N.ning chap sonida arteriya hamda mushaklari shikastlangan. Sanchilgan-kesilgan yarasi bo‘lib, ushbu jarohatlar og‘ir tan jarohatlar toifasiga kirishi aytilgan.

Holat yuzasidan shahar sudi tomonidan L.G.ga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud jarayoni davomida u qilmishidan pushaymonligini bildirgan.

Avvalroq, Toshloqda o‘tishi rejalashtirilgan sud ishida jinoyatchilikda ayblanganlar suddan qochib ketgani va ular shu kunning o‘zida qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid
Top