00:03 / 12.05.2021
1017
Samarqandda yonidan narkotik chiqqan shaxs IIB xodimiga 2 000 dollar pora berayotganda ushlandi
Foto: IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida tezkor xodimga 2 000 dollar pullarni pora sifatida bermoqchi bo‘lgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 may kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tezkor xodimi Qorasuv maskani Bahodir Yalangtush mahallasida o‘zini shubhali tutgan A.Yu.ni xolislar ishtirokida tintuvdan o‘tkazganda, uning cho‘ntagida 2,16 gramm og‘irlikdagi marixuana borligi aniqlanib rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng mazkur fuqaro o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik va tergov organi tomonidan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga tezkor xodimga 2 000 dollarni pora sifatida taklif qilgan.

Xodim unga bir necha marotaba bu ish jinoyat ekanini tushuntirishiga qaramasdan, u pora taklif qilishda davom etgan. Tezkor xodim holat yuzasidan viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, xodimning bildirgisiga asosan, 11 may kuni IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB, Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar A.Temur ko‘chasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan A.Yu. IIB xodimiga 2 000 dollarni pora tariqasida bergan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan A.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Top