11:05 / 13.05.2021
7194

Tojikistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2021 yil 13 may kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Abdujabbor Aziz Rahmonzodani qabul qildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, vazir ishonch yorliqlari nusxasini qabul qilib olib, elchini O‘zbekistonda faoliyat boshlagani bilan tabriklagan hamda ushbu yuqori va mas'uliyatli lavozimda muvaffaqiyatlar tilagan.

“Uchrashuv chog‘ida ikki birodar mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi sababli bugungi kunda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari jadal rivojlanayotgani, yangi yo‘nalishlarni qamrab olib, amaliy mazmun bilan boyiyotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tomonlar oliy va yuqori darajada bo‘lib o‘tadigan tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqqan hamda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashgan.

Ma'lumot uchun, Abdujabbor Aziz Rahmonzoda ushbu lavozimda 2017 yildan buyon Tojikistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasini boshqarib kelgan Sodiq Imomiyni almashtirdi.

2014 yil dekabr oyidan buyon Abdujabbor Aziz Rahmonzoda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Top