14:02 / 14.05.2021
5988
Jasorat va mehr bilan yashayotgan ona: “Bolamning muolajalari uchun 55 marta Toshkentga bordim”

Kattaqo‘rg‘on shahrida istiqomat qilayotgan bu ayol farzandining xastalanib qolganini bilgach, unga donor izlay boshladi. Yaqinlari bir qancha tekshiruvlardan o‘tdi. Ammo hech birining buyragi Ozodjonga to‘g‘ri kelmadi. 

Taqdirga tan bermagan nafaqadagi ona – Sojida Ishbayeva o‘zining buyragini farzandiga berish uchun turli tekshiruvlardan o‘tdi. O‘zining aytishicha, ellik martadan ortiq poytaxtga borib kelgani, shifoxonama-shifoxona bolasini olib chopganini aytmoqda.

“O‘g‘lim bir yilcha avval tez-tez holsizlanib qolayotgani, o‘qishda qiynalayotganidan shikoyat qildi. Bir safar hushidan ham ketib qolibdi. Tekshiruvlardan o‘tgach, o‘g‘limning ikki buyragi ham quriyotgani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng yetti marta Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolandi. 

O‘g‘limga poytaxtdagi akademik Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga yo‘llanma berishdi. Uch nafar farzandimni ham donorlik qilish uchun olib bordim. Katta o‘g‘lim va ikki qizim tekshiruvlardan o‘tdi. Ammo hech birlarining buyragi ukalariga to‘g‘ri kelmadi. Allohga shukur, o‘zimning tekshiruvlarim ijobiy chiqdi, farzandimga donor bo‘la olarkanman. 

Ochig‘i, tekshiruvlar, farzandimning oyma-oy olayotgan muolajalari bizni og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Yaqinlarimiz, shifokorlar imkon boricha yordam qilishdi. Ozodjonning operatsiyasi uchun ketadigan dori-darmonlar katta mablag‘ni tashkil qilmoqda. Saxovatli insonlardan bu og‘ir vaziyatimizda qo‘llab-quvvatlashlarini, bizga yordam berishlarini so‘rayman. Farzandim oyoqqa turishi, xalqimizga xizmat qilishiga umid qilaman” dedi Sojida Ishbayeva.

Ozodjon Ishbayev hozir 25 yoshda. U bilan suhbatlashganimizda, katta istihola va hayotga tashnalikni sezdik. Hozirgi vaqtda Samarqand davlat chet tillar institutida grant asosida tahsil olmoqda. Ikki nafar farzandi bor. Otasi vafot etgan, onasining yolg‘iz suyanchig‘i. Hozirgi kunda qo‘lidagi maxsus moslama yordamida uning qon aylanishi me'yorga solib turilibdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, Ozodjonning operatsiyasiga 80 mln so‘mga yaqin mablag‘ zarur. Oila esa mushkul ahvolda. Onaning pensiyasi va bemor yigitning nafaqasi hisobiga ro‘zg‘or tebratilmoqda, davolanilmoqda.

Muborak kunlarda savob umidida bo‘lgan yurtdoshlarimizdan bu oilaga yordam qilishlarini so‘rab qolamiz. 

Ozodjon Ishbayevga oid ma'lumotlar:

Xalq banki: 8600 0610 5649 0047 Ishbayev Ozodjon nomida

Humo: 9860 0801 6432 0527 Ishbayev Ozodjon nomida

Xalq banki: 8600 0610 9306 7154 onasi Ishbayeva Sojida nomida

Sberbank: 4276 5500 5229 5261 akasi M.Ishbayev nomida

Telefon: +99893 346 58 22 (onasi)

Isomiddin Po‘latov

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top