10:56 / 14.05.2021
1205
Jizzaxda sport maydonida xo‘roz urishtirish musobaqasi o‘tkazib kelinayotgani ma'lum bo‘ldi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida sport maydonida noqonuniy xo‘roz urishtirish musobaqasi o‘tkazib kelingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 6 may kuni Sharof Rashidov tumani Qatortol hududida joylashgan sport maydonida bir guruh shaxslar tomonidan noqonuniy xo‘roz urishtirish musobaqasi o‘tkazib kelinayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur sport maydoni tuman hokimligi qarori bilan 2008 yilda ko‘pkurash sport turlarini rivojlantirish uchun Qatortol mahallasida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan, ayni paytda Jizzax pedagogika institutining jismoniy tayyorgarlik fakultetida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan shaxsga xususiylashtirib berilgan.

Mazkur shaxs 1970 va 1972 yilda tug‘ilgan, Jizzax olimpiya zaxiralari sport maktabi o‘qituvchilari bo‘lgan ukalari bilan bu yerdagi maxsus arenada tashkil etiladigan xo‘roz urishtirish musobaqasiga tomosha uchun kelayotgan shaxslardan 20 ming so‘mdan pul yig‘ib olgan. Bundan tashqari, ular u yerda noqonuniy ovqatlanish shoxobchasini ochib, antisanitar holatda taom tayyorlab sotishgan hamda savdo xizmati ko‘rsatishgan.

Surishtiruvlarda, aka-ukalar sport arenasini muqaddam sudlangan, Jizzax shahri Obod mahallasida yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan shaxsga ijaraga berishgani aniqlangan. Bu shaxs o‘zining ikki nafar sherigi bilan arenada xo‘roz urishtirish o‘yinlarini tashkil etib kelgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur arenada bo‘lgan 200 nafardan oshiq odam tuman IIBga shaxsini aniqlash uchun olib borilgan. Ularning 50 nafardan ortig‘iga karantin qoidalarini buzgani uchun ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Xo‘roz o‘yinini tashkil etib kelgan shaxslarga ham qonunchilikda belgilangan tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Top