14:46 / 14.05.2021
5869
O‘zbekiston prezidenti Tojikiston bosh vazirini qabul qildi

14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va qat'iy sa'y-harakatlari tufayli o‘zaro hamkorlikda erishilgan hozirgi yuksak darajani katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qohir Rasulzoda O‘zbekiston prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda savdo, mashinasozlik, energetika, qazib olish sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, transport, turizm va sog‘liqni saqlash sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlar hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari davom ettiriladi.

Tojikiston Bosh vaziri ikki davlat rahbarlarining bo‘lajak sammitiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishga, shuningdek, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni mustahkamlashga bor kuch-g‘ayratini qaratishini ta'kidladi.

Top