01:20 / 15.05.2021
44787

Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘sh turgan obektlar uchun yangicha soliq turini taklif qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasiga tashrif buyurdi. Shu yerda barcha hokimlar ishtirokida poytaxtda xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Unda so‘z olgan Toshkent shahri hokimi prezidentga o‘ziga xos taklif bilan chiqdi:

“Ko‘p tadbirkorlar kredit olishga qiziqishadi, lekin aniq rejasi bo‘lmaydi. 2-3 mlrd so‘mlab kredit olishadi, biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ygunicha kreditni qaytarish muddati keladi, ishi orqaga keta boshlaydi. Biz shularga taklif qilayapmiz, kredit olishga shoshilmanglar, ishni ijarada turib boshlanglar, biz kerak bo‘lsa ijaraga yordam beraylik, deyapmiz. Endi, muhtaram prezident, bu jarayonda bizga yordamingiz kerak. Hozir qurilayotgan ko‘plab ko‘p qavatli uylarning, undan tashqari oldingi uylarning birinchi qavatlarining ko‘p qismi bo‘sh yotibdi. Ularning egalariga binoni ijaraga berishni taklif qilamiz. Agar o‘zi 6 oydan ortiq foydalanmasa yoki ijaraga bermasa, progressiv [oshirilgan] soliq qo‘llaymiz. Axir bino qurilganidan keyin foydalanilishi kerak-ku. Shunday qilsak, poytaxtda ijara narxlari tushadi, tadbirkorlarga ham keng imkoniyatlar yaratiladi”, – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Prezident hokimning so‘zlarini ma'qulladi va shu yerning o‘zida topshiriq berdi:

“Bu borada bir yillik Toshkent tajribasi qilib ko‘ringlar, agar muvaffaqiyatli bo‘lsa, boshqa hududlarda ham qo‘llab ko‘ramiz. Buning uchun qonunchilikka o‘zgartirish kerak bo‘lsa yoki prezident qarori zarur bo‘lsa, takliflarni beringlar, men qo‘llab-quvvatlayman”, – dedi davlat rahbari.

Top